Ma’lumki, Movarounnahr va Xuroson arablar tomonidan fath etilgandan keyin bu yerda arab xalifalari mahalliy xalq vakillaridan boshqaruvchi – amirlar tayinlashgan. Movarounnahr va Xurosonda IX asrga kelib Tohiriy (821-878), Safforiy (867-910), Somoniylar (819-1005) davlati paydo bo‘ldi. IX-XI asrlarni Sharq uyg‘onish davri, fors-tojik adabiyotining gullagan vaqti deb tarixda qayd qilganlar. Zero falsafa, fiqh, riyoziyot, falakiyot, jug‘rofiya, tibbiyot, musiqa, kimyo, me’morlik xullas ko‘plab sohalarda yangi-yangi kashfiyotlar sodir bo‘ldi. Ensiklopediya olimlar bu asrda Sharqda ijod qildi.
Naql etilishicha, Amir Asad ibn Abdullohning (vafoti 783 yil) qo‘lida Somonxudot islomni qabul etgan. Somnxudot balxlik bo‘lgan. Narshixiyning yozishicha, “Uning Samonxudot deyilishiga sabab shuki, u bir qishloq barpo kilib, unga Somon deb nom berdi va Buxoro amirini Buxoroxudot (ya’ni Buxoroning egasi, amiri) deb ataganlaridek, uni ham shu qishloq nomi bilan Somonxudot deb atadilar. Somonxudot Asad ibn Abdulloh al Kushayriyga bo‘lgan hurmati tufayli o‘g‘liga Asad ismini berdi. Shu Asad amir Ismoil Somoniyning bobosidir. Somonxudot Bahrom Chubii Malikning avlodi ekan”.
Somonxudotning ug‘li Asaddan to‘rta farzand qolgan: Nux, Ahmad, Yah’yo, Ilyos.
Xalifa Ma’munga manzur bo‘lgulik xizmat qilganlari uchun Ahmad ibn Asadga Farg‘ona, Yah’yoga Choch va Istaravshan, Il’yosga Hirot, Nuhga Samarqand hokimligi berildi.
Tarixchi Muqaddasiyning ta’kidlashicha, somoniylar ulamo va fozillarni boshqa amirlardan ko‘ra ko‘proq e’zozlaganlar.
Amir Ahmad ibn Asad vafotidang so‘ng uning taxtini o‘g‘li Nasr ibn Ahmad egallaydi. Nasrning ukasi Ismoil ibn Ahmad 849 yil Farg‘onada tug‘ilgan. Amir Ismoil Buxoroga 874 yil kelgan. Amir vafotidan keyin butun Movarounnahr amir Ismoil tasarrufiga o‘tdi
Amir Ismoil Somoniy Tarozni fath etdi. Xuroson amiri Amr ibn Laysni jangda yengdi. Amir ibn Lays asir bo‘ldi. Amir ibn Lays deydiki meni asir olganlaridang so‘ng uzoqdan amir Ismoil Somoniyni ko‘rib, otdan tushmoqchi bo‘ldim, lekin u o‘z joni va boshi bilan qasam ichib: “Otdan tushma!” –dedi, bunday xush muomalani ko‘rib, ko‘nglim taskin topdi, bo‘lmasa jondan umidimni uzgandim.
Menga Ismoil Somoniy mehribonlik ko‘rsatdi va seni o‘ldirmayman deb aytdi. Va uzugimni qo‘limdan tortib olgan kishidan uch ming dirhamga sotib olib, menga berdi.
Ismoil Somoniy butun Movarounnahr va Xuroson, shuningdek, Sind, Hind, Gurgon va boshqa shaharlarning hukmdori bo‘ldi.
Ma’lumki, Buxoro atrofidagi devor (qal’a) 831 yil Muhammad ibn Yah’yo ibn Abdulloh ibn Mansur davrida qurilgan. Buxoro shahri devori esa 850 yil bino etilgandir. Chunki to‘rt tomondan Buxoroga bosqinlar bo‘lgan. Buxoro atrofidagi devorni “Kampirak devor” deb ataganlar. Lekin bundan oldin ham Buxoroda devor bo‘lgan ekan. Har bir amir Buxoro devorini ta’mirlashga sa’y-harakat etar, bunga ko‘p mablag‘ va kuch sarflarkan. Amir Ismoil Somoniy zamonida xalq yig‘ilib: “Buxoro devorini ta’mirlash kerak!” -deydi. Ismoil Somoniy deydi: “Men Buxoroning qal’asi! To tirik ekanman Buxoroga hech qanday yov kirolmaydi”. Darhaqiqat tarix guvohdir, Ismoil Somoniy hukmronligi davrida Buxoroyi sharifga birorta yov kira olmagan.
Buxoroda kumush tanga va dirham zarb qilingan. “Baytut tiroz”-to‘qimachilik korxonasi Buxoroda faoliyat ko‘rsatgan. Buxoroda to‘qilgan “zandanicha” matosini Shom, Misr, Rumga olib ketganlar.
Ismoil Somoniy boshqa xukmdorlar ichida eng iqtidorli, jasuri bo‘lgan.
Somoniylar hukmdorligi davrida Buxoro poytaxt bo‘ldi. Buxoroda diniy va dunyoviy ilmlarni bilguvchi olimlar, allomalar yig‘ildi. Shoirlar arab va fors-tojik tilida, olimlar arab tilida ilmiy asarlarini ijod qilganlar.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Ismoil Somoniy qizining ismi Moh Siymo bo‘lgan. Hazrat Ali raziyallohu anhu avlodlaridan bo‘lgan Imom Amir Abdulloh Ismoil Somoniy qizi Moh Siymoga uylangan edilar.
“Qandiya” kitobida yozilishicha, Sayid Burhoniddin Qilich Imom Amir Abdulloh nasllaridandir va Dahbed xojalari ul avloddan.
Demak, Hazrat Mahdumi A’zam Dahbediyning nasablari Hazrat Ali r.a.ga va Ismoil Somoniyga borib taqalarkan.
Narshaxiy yozadilar: “Amir Ismoil bemor bo‘lib bir necha vaqt yotdi. Uning kasalligi ko‘proq rutubatdan edi. Oxiri ikki yuz to‘qson beshinchi yil safar oyining o‘n beshinchisida (25 noyabr 907 yil) Ismoil Somoniy vafot etdi. U yigirma yil Xuroson amiri bo‘ldi. Hukmdorlik muddati o‘ttiz yil edi. Xudoyi taolo uni rahmat etsin, negaki uning davrida Buxoro poytaxt bo‘ldi. Somoniylar sulolasidan chiqqan hamma amirlar Buxoroda turadigan bo‘ldilar. Undan oldingi Xuroson amirlarining hech biri Buxoroda turgan emas. U Buxoroda turishni o‘zi uchun muborak deb hisoblar, uning ko‘ngli Buxorodan boshqa hech bir yerda orom topmas va qaerda bo‘lmasin: “Bizning shahar, ya’ni Buxoro, ana bunday, ana shunday” der edi.
Amir Ismoil vafot etgandan keyin o‘rniga o‘g‘li o‘tirdi. Unga “Amiri moziy”, ya’ni dunyodan o‘tgan amir, degan taxallusni berdilar.
Somoniylar sulolasi hukmdorlik qilgan yillar quyidagichadir: Nuh ibn Asad (819-842), Ahmad ibn Asad (842-864), Nasr I ibn Ahmad (864-897), Ismoil ibn Ahmad (897-907), Ahmad ibn Ismoil (907-914), Nasr II ibn Ahmad (914-943), Nuh I ibn Nasr (943-954), Abdumalik ibn Nuh (954-961), Mansur I ibn Nuh (961-976), Nuh II ibn Mansur (976-997), Mansur II ibn Nuh (997-999).
“Tarixi Mullozoda” kitobida quyidagi baytlar yozilgandir:
Nuh tan buvad zoli Somon mashhur,
Har yak ba valoyat shahre ma’mur.
Ismoilu Ahmadu du Nasr,
Du Nuh, du Abdul Malik, du Mansur.
Ya’ni Somoniylar avlodida to‘qqiztalari mashhurdir, ular hukmdorlar edi: Ismoilu Ahmad, ikkita Nasr, ikkita Nuh, ikkita Abdumalik, ikkita Mansur.
Somoniylar hukmdorligidan so‘ng qoraxoniylar hukmronligi boshlandi. 1005 yil butun Movarounnahr qoraxoniylar qo‘liga o‘tdi.
Somoniylar davrida Movarounnahrda juda ko‘p obidalar qurilgan, jumladan, Buxorodagi Somoniy maqbarasi eng go‘zal obidadir. Rivoyatga ko‘ra ushbu maqbarani Ismoil otasi Ahmad ibn Asad uchun qurdirgan. Maqbaradagi yozuvga ko‘ra, unda Ismoil va uniig nevarasi Nasr II ibn Ahmad dafn qilingan. Bu bino kub shaklida qurilgan bo‘lib, odam aqlini lol qoldiradigan darajada mutanosibdir. Inshoot pishiq g‘ishtdan bino etilgan. Butun dunyodan kelayotgan sayyohlar bu obidani ming yildan beri tamosho qiladilar va ota-bobolarimiz san’atiga qoyil bo‘ladilar.
Ismoil Somoniy Buxoroni sevgan, obod etganiga bois sobiq Sho‘rolar zamonasida ham buxoroliklar bu ziyoratgahdan oyoq uzmagan. Ziyorat qilish ta’qiqlanganda ham ziyoratga kelar, duoyi fotiha man’ qilingan zamonda ham Ismoil Somoniy haqiga duoyi fotiha qilinardi.
Istiqlol sharofatidan obida atrofi kengaytirildi. Obida xozirgi kunda ko‘z qorachig‘idek asralmoqda. Somoniy maqbarasining qibla tomonida qadimiy hovuz qayta tiklandi. Ushbu bebaho obida “Somoniylar bog‘i”da joylashgan.

Izoh bildirish yopilgan.