Buxoro shahrida Imom G‘azzoliy nomli ko‘cha bor. Ushbu ko‘chada Hazrat Imom G‘azzoliy ziyoratgohlari va masjidlari joylashgan. (O.Suxareva, “Kvartal’naya obshina pozdnefeodal’nogo goroda Buxari”, Moskva, “Nauka” 1976 g. 188-189 str.).
Hazrat Imom G‘azzoliy 1058 yil Tusda tug‘ilganlar. Ul zoti sharifning otalari jundap ip (g‘azzol) tayyorlovchi bo‘lgan. Hazrat Imom G‘azzoliyning ismlari Muhammad, kuniyalari Abu Homid va tahalluslari Zayniddindir.
“Hujjatul islom” unvoniga sazovor bo‘lgan bu zoti sharif tariqat sabog‘ini buyuk piri murshid Hazrat Shayx Abu Ali Formadiydan o‘rganganlar.
Hazrat Imom G‘azzoliy 100 dan ortiq kitob yozgan. “Mukoshafatul qulub”, “Ihyo ulumid Din” (“Kimyoiy saodat”), “Bosit”, “Vojiz”, “Qavoid al Aqoid”, “Ar Risolat al qudsiya”, “Hujjat al Haq”, “Mufassal al Xilof”, “Javohir ul Qur’on”, “Ayuhal Valad” va boshqa asarlari mashhur.
Imom G‘azzoliy bir necha yil Bag‘doddagi Nizomiya madrasasida dars berganlar. Bu zoti sharif 1111 yil Tusda vafot qiladilar.
Imom G‘azzoliyning “Mukoshafatul qulub”, “Ihyo ulumid Din”, “Ayuhal Valad” va boshqa kitoblari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Respublikamizda nashr qilingan.

Buxoro shahridagi Imom G‘azzoliy jome’si namozxonlar ixtiyoriga berilgandir, Imom G‘azzoliy ziyoratgohlari obod qilinmoqda.
Hazrat Imom G‘azzoliy hikmatlari:
“Nabiy s.a.v.: Sizlardan birortangiz biror qavmga ular tushunmaydigan so‘zni aytmangiz, aks holda ular o‘rtasida fitna bo‘ladi”, deganlar. Ushbu hadis so‘zlayotgan so‘zini tushunadigan, ammo tinglovchilarning ongiga yetkaza olmaydiganga tegishli, endi so‘zlovchi nima deyotganini o‘ziyam tushunmasa, qanday bo‘ladi? Bas, tinglovchi tushunmasa, so‘zlovchi tushunadigan so‘z bo‘lsa ham uni gapirishi durust emas. Iso a.s. deganlar: “Hikmatni uning ahli bo‘lmaganlar davrasida aytmanglar, hikmatga zulm qilib qo‘yasiz. Shuningdek, hikmatni hikmat ahlidan to‘smanglar, hikmag ahliga zulm qilib qo‘yasiz. Dorini kasallangan joyga qo‘yadigan hoziq tabib kabi bo‘linglar”. (Imom Abu Homid G‘azzoliy, “Ihyou ulumid Din”), (Ilm kitobi), Toshkent, “Movarounnahr” – 2003 yil, 91-92-sahifalar.
“Rivoyat qiladilarki, bitta boy to‘plagan butun mol dunyosini berkitib qo‘ydi. Qasr qurdirib, unga ikkita mustahkam eshik o‘rnattirdi. Eshikka qo‘riqchilar qo‘ydi. So‘ngra ahlu ayolini to‘plab, ular uchun taom hozirladi.  Taxtga oyoqlarini chalishtirib o‘tirib, ahliga boqdi. Ular shod-xurram ovqat yer edilar. Ovqatdan so‘ng ularga va o‘ziga xitob qilib dedi: “Ey, nafs! Ne’matlardan istagancha bahramand bo‘l. To‘plagan molu dunyoim bir umrga yetadi”.
Xo‘jayin bu so‘zlarni aytib tugatar – tugatmas, egnida uvada janda, bo‘yniga miskinlarnikidek to‘rva osib olgan kishi eshik qoqdi. Tunggi sukunatni buzib, shiddat bilan qoqilayotgan eshikning ovozida qandaydir vahima bor edi. Ko‘rimsiz ahvoliga qaramasdan shunchalik salobatga ega, atrofga qutqu solayotgan bu miskin kim o‘zi?!
Xo‘jayin endi to‘shakka cho‘zilgan edi. Qullar eshik oldiga chopib borib, uiskindan so‘rashdi:
– Nima ishing bor?
– Xo‘jayiningizni chaqiringlar.
– Xo‘jayinimiz sendek miskinni qabul qilarmikan?
– Qabul qiladi!
Xo‘jayinga zudlik bilan uni qandaydir bir miskin chaqirayotganini aytishdi.

– Uni nega haydab yubormadingizlar? – dedi xo‘jayin so‘kib.
Shu vaqt eshik avvalgidan ham shiddatliroq taqillay boshladi. Qorovullar yana eshik tomon otilishdi.
– Xo‘jayiningizga xabar bering, men o‘lim farishtasiman, -degan dahshatli tovushdan go‘yo qasr titrab ketdi. Hamma qotib qoldi. Ulkan bir musibatning yaqinlashganini his qilgan xo‘jayin ham yuvosh tortib qoldi va dedi: -Unga yumshoqlik bilan aytib ko‘rint-chi, mening o‘rnimga boshqa birortasining jonini olmasmikin?
Shunda o‘lim farishtasi uning huzurida hozir bo‘lib: -Mol— dunyoyingni nima qilsang, o‘zing bilasan. Men sening joningni olish uchun bu yerda hozirman. To joningni olmaguncha ketmayman, – dedi.
Xo‘jayin butun mol-dunyosini shu yerga keltirishlarini buyurdi. So‘ng boyliklarga qarata: -Sizga Allohning la’nati bo‘lsin! Siz emasmi, meni Rabbimning ibodatidan chalg‘itgan va Rabbim bilan oramizni to‘sgan?! – deya so‘ka boshladi.
Shunda Alloh molga (ya’ni boyliklarga) nutq ato qildi: – Meni so‘kma.
Taqvodor kishilar sultonlar eshigidan quvilgan bir paytda, sen emasmi, meni vosita qilib, sultonlar huzuriga shoshilgan?! Sen emasmi, meni shohona aysh-ishratlarga sarf qilgan, yomonlik yo‘liga sochgan?! Axir savob yo‘liga meni sarflasayding, kim sening yo‘lingni to‘sa olardi? Men ham odam farzandi kabi tuproqdan yaraldim. Kimdir men orqali savob, kimdir men orqali azob topadi!
Keyin o‘lim farishtasi boyning jonini oldi. Jonsiz badan yerga quladi.
A’moshdan rivoyat qilinadi: “Sulaymon a.s. huzuriga o‘lim farishtasi kirdi va shu yerga o‘tirgandardan biriga uzoq tikilib qoldi. O‘lim farishtasi tashqariga chiqqach, u kishi: -Bu kim? – Deb so‘radi.
– O‘lim farishtasi, – dedi Sulaymon a.s.
– U xuddi biror ishi bordek menga juda ko‘p tikildi.
– Xo‘sh, nimani istaysan?
– Meni undan xalos et.
Sulaymon a.s. shamolga bu kishini Hindistonning eng chekka joyiga eltib qo‘yishni buyurdi. Shamol amrni darhol bajardi.
O‘lim farishtasi ikkinchi bor kelganda, Sulaymon a.s. undan suradilar:
– Yonimga o‘tirgan kishilardan biriga nimaga buncha ko‘p tikilding?
– Ha juda ajablandim. Axir, Hindistonning chekka bir joyida bu kishining jonini olishga buyurilgandim. Buyruqning adosiga juda oz vaqt qolgan edi. Ajabo! U esa sening huzuringda o‘tirardi, – deb javob berdi o‘lim farishtasi”. (Abu Homid G‘azzoliy, “O‘limni eslash kitobi”, Toshkent “Movarounnahr”- 2004 yil, 56-59-sahifalar).

icon-car.pngKML-LogoFullscreen-LogoQR-code-logo
IMOM G‘AZZOLIY ziyoratgohi

loading map - please wait...

IMOM G‘AZZOLIY ziyoratgohi 39.772584, 64.412177 Kenglik: 39.772584 Uzunlik: 64.412177