Hazrat Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Bakr al Buxoriy al Varroq al G‘unjoriy hofiz (ya’ni Qur’onni to‘la yodlagan), olim, orif, muarrix, valiyulloh, muhaddis edilar.
Bu kishini “G‘unjoriy” deyishlarika sabab shu ekanki, ikki yuzlari doimo qip-qizil bo‘lgan. Ya’ni chehlaridan nur tomardi.
Xoja G‘unjoriy nomi bilan mashhur bo‘lgan bu zoti sharif “Tarixi Buxoro”, “Farz amallari kitobi”, “Sahobalar kitobi” asarlarining muallifi hisoblanadilar. Xoja G‘unjoriyning “Buxoro tarixi” kitobi arab tilida yozilgan. Unda Imom Buxoriy xayotlariga doir boblar, shuningdek, Buxoro obidalari tarixiga doir ma’lumotlar bor. Xoja G‘unjoriy quydagi olimlardan hadis o‘rganganlar: Abu Solih ibn Muhammad al Xayyom, Muhammad ibn Muhammad ibn Sobir al Buxoriy, Salx ibn Usmon, as Sullamiy, Abu Ubayd Ahmad ibn Urva al Karminiy, Muhammad ibn Hafs ibn Aslam, Ibrohim ibn Horun al Muloximiy, Al Hasan ibn Yusuf Ya’qub.
Xoja G‘unjoriy hadis yig‘moq maqsadida boshqa shaharlarga safar qilmagan ekanlar.
Ko‘plab tarixiy asarlarda, jumladan, Mullozodaning “Tarixi Mullozoda”, Nosiriddin To‘raning “Tuhfat az zoirin”, Shamsiddin Zahabiyning (1274-1348) “Mashhur allomalar siyrati”, Tojiddin as Saboqiyning (1327-1370) “At Taboqot ash Shofe’iya va kubro”, al Xabib al Bag‘dodiyning (1002-1071) “Tarixi Bag‘dod” kitoblarida Xoja G‘unjoriyning “Buxoro tarixi” kitoblaridan misollar, tarihiy dalillar keltirilgan. Lekin baxtga qarshi Xoja G‘unjoriyning mashhur “Buxoro tarixi” kitoblari hozircha topilgani yo‘q. Umid qilamizki, ulug‘ bobomizning ushbu nodir asarlari albatta topiladi.
Hazrat Xoja G‘unjoriy 1022 yil vafot qilgan. “Tuhfat az zoirin” kitobida yozilishicha, Ismoil Samoniy mozorining janubiga qarab borilganda Hazrat Xoja G‘unjoriy qabrlari chiqadi.
Ayni shu kunlarda Hazrat Xoja G‘unjoriy qabrlari Buxoro shahri Mir Do‘stim ko‘chasidadir.

Izoh bildirish yopilgan.