Hazrat Shamsulaimma Zarangariyning ismlari Abul Fazl ibn Muhammad az Zarangariydir. Bu zoti sharif Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi Zarangari qishlog‘ida tug‘ilganlar. Hazrat Zarangariy haqlarida juda ko‘p manbalarda, jumladan, As Sam’oniyning “Al Ansob” (“Nasabnoma”), Nosiriddin To‘raning “Tuhfat az zoirin”, Abdulhakim Shar’iy Juzjoniyning “Islom huquqshunosliga” asarlarida ma’lumotlar berilgan.
Hazrat Shamsulaimma buyuk faqih, muhaddis, valiyulloh, ulug‘ tarbiyachi bo‘lganlar.
Hazratning ustozlari quyidagilardir: Shamsulaimma Abdulaziz ibn Muhammad al Halvoiy al Buxoriy, Abu Sahl Ahmad ibn Ali ad Abivardiy, Abu Hafs Umar ibn Mansur al Hofiz, Ahmad ibn Muhammad al Bujaliy al Hofiz, Maymun ibn Ali al Maymaniy, Muhammad ibn Sulaymon al Qoxushtuvoniy, Ahmad ibn Abdulloh al Xayroxayriy.
Shamsulaimma Zarangariyiing shogirdlari quyidagilardir: Abdulkarim as Sam’oniy, Abu Hafs Umar ibn Muhammad al Fargoniy, Abu Ja’far Ahmad ibn Muhammad al Halimiy, Abul Fazl Muhammad ibn Ali al Zamiy, Abu Muhammad Abdulhalim ibn Muhammad al Barroniy.
Hazrat Shamsulaimma Zarangariydan tashqari Samarqand, Balx, Koson va boshqa shaharlarda bo‘lib, u yerdagilarga ilm o‘rgatganlar. (As Sam’oniy “Nasabnoma”, “Buxoro” nashriyoti, 2003 y. 51-sahifa).
Zarangariy hazratlari fatvoni hanafiy mazhabi bo‘yicha dars berar edilar. Bu kishini “Abu Hanifai Sag‘ir” (Kichik Abu Hanifa) deb atardilar. Hazrat 1119 yil Buxoroda vafot qiladilar. Qabrlari Buxoro shahridagi Gulobod qabristonidadir.

Izoh bildirish yopilgan.