Hazrat Xalifa Xudoydod tariqatning ulug‘ piri, buyuk tarbiyachi, alloma, avliyo bo‘lganlar. Bu zoti sharif kishilarni to‘g‘ri yo‘lga, halollikka da’vat etib, Qur’oni Karim oyatlari, payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. sunnatlarini xalqqa tushuntirish, ularni el orasida yoyish uchun xizmat etganlar.
Hazrat Xalifa Xudoydod haqlarida Humuliyning “Tarixi Humuliy”, Nosiriddin To‘raning “Tuhfat az zoirin” kitoblarida, shuningdek, nemis tasavvufshunosi Anke foi Kyugel’ken, o‘zbek tasavvufshunosi Baxtiyor Bobojonov, tadqiqotchi Mas’udxon Ismoilov kitob va ilmiy maqolalarida ma’lumotlar berilgan.
Hazratning to‘liq ismlari Shayx Xudoydod ibn Toshmuhammad Azizon al Buxoriy hisoblanadi.
Humuliy va Nosiriddii To‘raning yozishlaricha, Mavlaviy Xudoydod asli xorazmlik bo‘lib, yassaviya tariqatining ulug‘ piri edilar va zikri jahriya (ya’ni baland tovushda zikr etmoq)ni yoyishda xizmat qildilar.
Hazrat Xalifa Xudoydod Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida ta’lim olgan. Bu zoti sharif zohiriy ilmlarni puxta o‘rgangandan so‘ng, tariqat sabog‘ini yassaviya tariqatining piri murshidi Hazrat Azizon Lutfulloh Shayxdan oladilar. Hazrat Lutfulloh Xalifa Xudoydodga irshod xati (ya’ni ijozat xati)ni bergan. Ma’lumki, Xalifa Xudoydod yashab faoliyat ko‘rsatayotgan davrda Buxoroda nafaqat naqshbandiya, balki qodiriya, kubraviya, yassaviya tariqatlarining muridu murshidlari, ixlosmandlari bisyor edi.
Xalifa Xudoydod Hazrat Azizon Lutfulloh Shayxning ishoratlari bilan Pirmastda (Vobkent tumanida)gi Ko‘li Odina mavzeida joylashgan Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviyning tabarruk mozorlari yaqiniga borib, istiqomat qiladilar. Hazrat Xalifa Xudoydod bu yerda xonaqoh quradilar va ikki yuz tanob yerni xonaqoh uchun vaqf qiladilar.
“Tuhfat az zoirin”da ta’kidlanishicha, 1785 yilda mang‘itlar sulolasiga mansub amir Shohmurod Buxoro hukmdori bo‘ldi. Shu davrda hazrat Xalifa Xudoydod Pirmastdan Buxoro shahriga, keladilar. Amir Shohmurod olim, Shayxlarni hurmat qilgani bois, Xalifa Xudoydodni ham shaharga taklif etgan.
Xalifa Xudoydod hazratlari Buxoro shahridan o‘n ikki tanob yer sotib olib, u yerda toshdan xonaqoh, xonaqoh yonida qirqta hujrali madrasa, sardoba va tahoratxona quradilar. Ushbu majmua hijriy 1211 (melodiy 1786) yilda qurilgan bo‘lib, Xalifa Xudoydod obidasi nomi bilan mashhurdir. Xalifa Xudoydod har bir bino uchun alohida vaqf ta’sis etganlar.
Hazrat Xalifa Xudoydod Yassaviya tariqatining piri bo‘lganlari bois, ushbu tariqatdagi zikr odobi, yassaviya tariqati g‘oyalari va maqsadlarini bayon qiluvchi bir necha kitoblar yozgan. Jumladan, bu zoti sharifning “Bahral ulum” (“Ilmlar dengizi”), “ Jome’al Bahrayn» (“Ikki dengizni birlashtiruvchi”), “Firdavs al ulamo” (“Olimlar gulshani”), “Tanbeh az zollin” (“Adashganlarga tanbeh”), “Bo‘ston al muhibin” (“Do‘stlar bog‘i”), “Tariqai vusul ilalloh” “Allohga yetishish yo‘li”) kitoblari borligi manbalarda yozilgan.
Lekin bizgacha faqat “Bahral ulum”, “Firdavs al ulamo”, “Pisandi zikri jahriya” nomli kitoblari yetib kelgan.119 Hazratning “Bahral ulum” kitoblari ming sahifadan iborat bo‘lib, u 1782 yilda yozilgan. Unda Yassaviya tariqati maqomlari, shartlari, yo‘llari bayon qilingandir.
Hazrat Xalifa Xudoydodning “Firdavs al ulamo” kitoblari “Qanoat”, “Sabr”, “Taqvo”, “Zuhd” va boshqa boblardan iborat bo‘lib, unda buyuk so‘fiylar hikmati, ularning hayotlaridan olingan ibratli voqealar orqali muallif o‘z g‘oyasini bayon qilgan. Ushbu asarning “Qanoat” bobida Xalifa Xudoydod yozadilar: “Qanoat – qo‘lda bor narsaga rozi bo‘lib, mavjud bo‘lmagan narsani talab qilmaslik. Qanoat – bor narsa qo‘ldan ketganda ham xotirjam bo‘lishdir.” Zunnun Misriy rahmatullohi alayh deydilarki: “Kimeki qanoatli bo‘lsa, u zamondoshlaridan rohat ko‘radi (ya’ni zamondoshlar ehtiromiga sazovor bo‘ladi) va uning qo‘li hammadan uzun bo‘ladi”. Imom G‘azzoliyning “Tafsiri”da yozilganki, ba’zi hakimlar deganlar: “Mol to‘plash nodonlik belgisi, molu dunyoni sevish munofiqlik belgisi, molu mulkka baxillik qilish esa kofirlik belgisidir!” Ma’rifat ahli deganlarki: “Qanoat ozga rozi bo‘lish va yetgan narsaga kifoyalanish”. Bir olim shunday degan: “Qanoat odamlar qo‘lidagi narsalarni tark etib, qo‘lingdagi narsalarni undan yaxshi deb bilmog‘ingdir.” Aytadilarki, qanoat qalbning ruhi va jasadning rohatidir. Hakimlarning ba’zilari, qanoat hech kimdan biror narsa olmaslikdir, deganlar. Fuzayl ibn Iyoz r.a. deganlarki: “Odamlarga eng sevikli inson – ularga behojat bo‘lib, biror narsa so‘ramagan kishidir.
Odamlarga eng yoqimsiz kishi – ularga muhtoj bo‘lib, biror narsani so‘ragan kasdir. Alloh taologa eng sevimli kishi – Alloh taologa muhtoj bo‘lib, Undan biror narsa so‘ragan kishidir. Alloh taloga eng yoqimsiz kishi – Allohdan behojat bo‘lib, Undan biror narsa so‘ramagan odamdir.
“Tuhfat az zoirin”da yozilishicha, Xalifa Xudoydodning vafotlari amiri kabir, ya’ni amir Shohmurodning marhum bo‘lganidan olti oy o‘tgandan so‘ng hijriy 1215 (melodiy 1800) yilda voqe bo‘lgan. Janozalariga Amir Haydar keladilar. Muborak qabrlari o‘z madrasalari yaqinidadir.
Ma’lum bo‘layaptiki, ulug‘ pir Xalifa Xudoydodga nafaqat Amir Shohmurod, balki amir Haydarning ham ixlosi baland bo‘lgan ekan.
Xalifa Xudoydod qabrlari yaqinida So‘fi Xoja, Domlo Omonullo Xoja Oxund qabrlari ham bo‘lgan.
Sobiq Ittifoq davrida Xalifa Xudoydod xonaqohlari, sardobalari, hujralari qarovsizlikdan vayronaga aylantirilgan edi. Buxoro shahrining Jo‘ybor mavzesida joylashgan bu majmuaga ziyorat qilish ta’qiqlangandi.
Istiqlol sharofatidan xonaqoh hukumatimiz tomonidan asl holiga keltirildi. Sardoba, hujralar ta’mirlandi. Ushbu majmua ziyoratchilar uchun hamisha ochiq. Xonaqoh namozxonlar ixtiyoriga berilgan.
Ushbu ziyoratgohda U.Abdullaev tomonidan yangi tahoratxona qurildi, majmuaning supalari ta’mirlandi, ziyoratgohning shimol tomonidagi qabrlar ustida yangi sagana bunyod qilindi.
Xalifa Xudoydod ziyoratgohi Buxoro shahridagi Xalifa Xudoydod ko‘chasida joylashgan.

Izoh bildirish yopilgan.