Shayx Namadpo‘shning nomlari Hasan bin Yusuf as Samoniy al Buxoriydir (vaf. 1116). “Tuhfat az zoirin”da yozilishicha, hazrat Hasan bin Yusuf qoraxoniylar hukmdori Arslonxon G‘oziy (1102-1130) zamonasida yashab faoliyat ko‘rsatganlar.
Hazratni Namadpo‘sh deyishlariga sabab shuki, bu kishi qishin-yozin namad (kigiz) matosidan tikilgan kiyimda yurgan.
Hazrat Hasan olim, zohid, obid valiyulloh, tarbiyachi bo‘lganlar.
Manbalarda ta’kidlanishicha, hazrat Namdpo‘sh o‘ttiz yil muttasil ro‘za tutganlar. Iftorlik paytida taomlari fakat sabzavot bo‘lgan, xolos.
Arslonxon G‘oziyning e’tiqodi, hurmati Hazrat Namadpo‘shga benihoya katta edi. O‘z piri, ustozi Hazrat Namadpo‘shning maslahatlariga Arslonxon G‘oziy doimo amal etgan. “Tuhfat az zoirin”da yozilishicha, hukmdor Arslonxon G‘oziy Hazrat Namadpo‘shning pisarxond (tutingan o‘g‘il, ma’naviy farzand)lari hisobida bo‘lgan.
Hazrat Hasan bin Yusuf Buxoroga bid’atu xurofot, shuningdek, islomga yot bo‘lgan turli guruhu firqalarning g‘oyalari tarqalmasligi uchun murosasizlik bilan kurashganlar.
Hazrat Namadpo‘sh doimiy ravishda amri ma’ruf etib bid’atning zararli oqibatlari, islomni niqob qilib olgan kimsalarning g‘arazli maqsadlari nimalardan iborat ekanligini keng ommaga tushuntirganlar. Shu kishining sharofatidan islom dini, hanafiya mazhabi Buxoroda keng tomir yoyib, jaholat, bid’at yo‘qolgan.
O‘sha asru ayyomdagi soxta shayxlar, soxta so‘fiylar shahardan quvilgan ekan.
“Kitobi nazmi Mullozoda”da Hazrat Namadpo‘shning shahid bo‘lishlari tarixi yozilgandir:
Ro‘ze dar xonaqo beboke,
On daromad zi ro‘yi shakkoki.
Tir zad bar sari muboraki o‘,
Kard o‘ro shahid on badxo‘.
Tarjimasi:
Kirdi xonaqohga bebok,
Ul erdi bexirad, shakkok.
Tig‘ urib boshiga, yohu!
Shahid etdi Hazratni u!
Hijriy 510 (melodiy 1116) yilda Hazrat Namadpo‘sh o‘z xonaqohlarida shahid bo‘lganlar.
“Tuhfat az zoirin” kitobida keltirilishicha, Hazrat Shayxul Olam, ya’ni Sayfiddin Boxarziy doimo quyidagi jumlalarni takrorlarkan: “Buxoroyi sharifda ikki buyuk zot bor edilarki, dunyoviy narsadarga hech ehtiyojlari yo‘q edi. Ulardan biri Hazrat AbuBakr Ishok Gulobodiy, ikkinchilari esa Hazrat Hasan Namadpo‘sh rahmatullohi alayh”.
Hazrat Namadpo‘shdan quyidagi ruboiy meros qolgan:
In ko‘hna namad bahri ahd po‘shidam,
To tan nabari, ki man ba xud po‘shidam.
Didam ki chun xirqai sulton bebaqost,
Andoxtam atlasu namad po‘shidam.
Tarjimasi:
Bu eski kigizni ahd aylab kiydim,
Kechdim atlasdin, jahd aylab kiydim.
Ko‘rdimki baqo yo‘q sulton xirqasiga,
Xirqamni manam namad aylab kiydim.
Hazrat Namadpo‘shning qabrlari Imom Qozixon maqbaralarining qibla tomonidadir. Ayni shu kunlarda Hazrat Namadpo‘sh ziyoratgohlari bor.

Izoh bildirish yopilgan.