Hazrat Mavlono Sharif buyuk olim, ulug‘ tarbiyachi, naqshbandiya tariqatining piri murshidi, valiyulloh, faylasuf, faqih hisoblanadilar. Bu zoti sharif 1617 yil Buxoro shahrida tug‘ilib, 1690 yil vafot qiladilar.
Hazrat Mavlono Muhammad Sharif falsafa, tarix, she’riyat, huquqshunoslik, tilshunoslik va boshqa sohalarga doir yigirmadan ortiq asar yozgan va bu kitoblar bizgacha yetib kelgan. Jumladan, Hazratning “Sharhi Mullo” (A.Jomiyning arab grammatikasiga doir kitoblarining sharhi), “Sharhi aqoid”, “Hujjat az zokirin”. “Tuhfat as solikin”, “Dar bayoni suluki jahriya”, “Dar bayoni suluki xufiyai naqshbandiya”, “Favoidi hoqonyya” kitoblari mashhur.
Mavlono Sharifning “Sharhi Mullo” kitoblari hozirgi kungacha madrasalarda darslik hisoblanadi. Hazrat Mavlono Sharif Ko‘kaldosh madrasasining oxundi edilar.
Mavlonodan minglab kishilar saboq olgan. Shoh Mashrab Buxoroga kelib Mavlono Sharifdan ta’lim olganlari manbalarda yozilgan.

“Tuhfat az zoirin”da yozilishicha, Mavlono Sharifning nasablari ota – tomonidan Hazrat Imom Muhammad Hanifaga, ona tomonidan esa Amir Sayid Oqil Kirmoniyga borib taqaladi.
Tariqatdagi nasablari Hazrati Azizon nomi bilan mashhur Hazrat Olim Shayxga borib ulanadi. Olim Shayxdan so‘ng silsila quyidagicha: Hazrat Fatxulloh, Hazrat Xoja Ismoil, Hazrat Kamoliddin.
Zohiriy ilmlarni Hazrat Mavlono Muhammad Sharif Buxoriy Hazrat Mavlaviy Qosim va HazratMavlono Yusufdan olganlar.
Buxoro hukmdori Amir Abdulazizxon ibn Nodirmuhammad Hazrat Mavdono Sharifning muridlari bo‘lgan. Bu amir Buxoroda 1645-1680 yillarda hukmdorlik qilgan edi.
Abdulazizxon Hazrat Mavlono maslahatlari, o‘gitlariga doimo amal etgan. Hazratning duolarini olgan.
Tarixdan ma’lumki, Xiva xoni Anusha (1663-1687) Buxoroga bir necha bor hujum qilib, xalqni taladi, qishloqlarni vayron qildi.
Mana shunday hujumlaridan birida Anusha Jo‘ybor mavzeigacha bosib keladi, xalqqa zulm etadi. U paytda Buxoro amiri Abdulazizxon Karmanada bo‘lgan. Abdulazizxon lashkar bilan Buxoroga kelganda, darvozalar xivaliklar tomonidan ishg‘ol qilingan, shaharga kirishga imkon yo‘q edi. Shunda Hazrat Mavlono Sharif butun Buxoro aholisini yovga qarshi jangga boshlaydilar. Natijada dushman chekinadi va Abdulazizxon ularni tor-mor etadi.
Mavlono Sharifning “Favoyidi xoqoniya” kitoblari Mahmudxo‘ja Nuritdinov va Mahmud Hasaniy tomonidan fors-tojik tilidan o‘zbekchaga tarjima qilindi. U 1995 yil Toshkentdagi “Adolat” nashriyoti tomonidan chop etilgan.
“Favoyidi xoqoniya” kitobi 1643 yilda Buxoroda yozilgan. Bu asar shar’iy qonun-qoidalar, odob-axloq masalalari, eng muhimi, yurt rahbariga berilgan pandu nasihatlarni o‘z ichiga oladi. Shu bois bu kitob amirlar, amirzodalar, shuningdek, tolibi ilmlarga qo‘llanma hisoblanadi. Olim o‘ta murakkab, chigil, bahsli masalalarni ham sinchkovlik bilan tahlil etadi. U oyatu hadis, shuningdek, mujtahid olimlar fikriga tayangan holda o‘z hukmini chiqaradi.

Mazkur kitobda Yazid masalasiga olimning bildirgan fikrlari naqadar xolis ekanligiga guvoh bo‘lamiz: “Faqih (olim)lar Yazidga la’nat o‘qishda ixtilof qilganlar. Ba’zilar aytadilarki, la’nat joiz emas, chunki u qibla ahlidandur, ikki yil musulmonlarning imomi (xalifasi) bo‘ldi.
Ba’zilarning aytishicha, la’nat joizdir, chunki u Imom Husayn r.a.ni (ya’ni Hazrat Muhammad s.a.v. nevaralarini) qatl etishni buyurdi, shu sababli u kofir bo‘ldi.
Ba’zilar aytadilarki, Yazid Imom Husayn r.a.ni qatl etishga buyurgani yo‘q, u jamoani Imom Husaynga bay’at (tobe’ bo‘lish) qilish uchun yubordi. Ba’zilar deydilarki, Yazid Imom Husaynni o‘z xuzuriga olib kelish uchun odamlarni jo‘natgan, lekin u jamoa Yazidning farmonisiz Imom Husaynni shahid qildi.
Biroq to‘g‘risi shuki, agar Yazid Imom Husaynning qatliga amr qilgan bo‘lsa, yoki shunga rozilik bergan bo‘lsa, demak, unga la’nat o‘qish joiz. Agar aksincha, bo‘lsa unga la’nat aytish joiz emas” (“Favoyidi hoqoniya, 11-sah”).

Hazrat Mavlono Sharifning karomatlari ham zohir bo‘lgan. Naql etilishicha, Amir Abdulazizxonning ikkala oyog‘i ham ancha muddat shol bo‘ladi. Muolajadan hech bir foyda topolmagan Amir kunlardan bir kun xizmatkorlariga o‘zini otga mindirishni buyuribti va ko‘nglida: “Otni o‘z ixtiyoriga qo‘yaman, qani u meni qaysi pirning huzuriga eltadi. Pirdan duo olay, shoyad Alloh oyog‘imni asl holiga keltirsa” – deb niyat qilibdi. Ot Amirni Xalfa Xudoyberdi uylariga emas, balki Hazrat Mavlono Sharif darvozalari yoniga olib kelibdi. Xizmatkorlar podshoh kelganidan Mavlonoga
xabar berganda, uydan turib Mavlono Sharif baland tovush bilan: “Amirning o‘zlari otdan tushib, to‘g‘ri huzurimizga yurib kelsinlar!” – deb farmon beribdilar.
Amir beixtiyor otdan tushib, Hazrat huzurlariga yurib kiribdi.
Uning oyoqlari asl holiga kelgan ekan. Bu karomatni ko‘rib barcha muridlar behush bo‘lgan ekan.
Buxoro shahrida Mavlono Sharif masjidlari, hujralari, maqbaralari bor. Mavlono Sharif ziyoratgohlari Abdulazizxon madrasasining orqasida, hozirgi Xorazm ko‘chasida joylashgan.
Qadimda bu yerda Mavlono Sharif nomli guzar bo‘lgan. Ushbu guzarda Mavlono Sharif avlodlari yashagan. Hozir ham u kishining avlodlari bor. Mavlono Sharifning tabarruk hassalarini ko‘z qorachigidek asrab kelayotgan Ibodatbibi Ahrorova hazratning avlodlaridir.
Ixtiyorbobo Azizov (bu kishi 1993 yil vafot qildilar) hovlilari ham Mavlono Sharif masjidi yonida bo‘lib, bu kishining nasablari ham Mavlono Sharifga borib taqaladi. Ular qatag‘on zamonasida majburan o‘z hovlilarini sotib, Po‘stindo‘zon guzariga ko‘chganlar. Ixtiyorboboning farzandlari Abror, Asror, Sattor, Ra’nolardir. Ular Mavlono Sharif avlodlari ekanligi bilan faxrlanadi.

icon-car.pngKML-LogoFullscreen-LogoQR-code-logo
Mavlono Sharif ziyoratgohi

loading map - please wait...

Mavlono Sharif ziyoratgohi 39.775718, 64.418399 Kenglik: 39.775718 Uzunlik: 64.418399