Ushbu ramziy qabr kimga tegishligi haqida ikkita fikr mavjud bo‘lib, biz bu maqolada ikkalasini ham keltiramiz.
Birinchisi, bu fikrni bizga hurmatli ustozimiz – mashhur arxeolog, tarix fanlari nomzodi Elizaveta Gavrilovna Nekrasova ilgari surdilar. U kishining aytishlaricha ushbu maskanda joylashgan qabr qoraxoniylar sulolasining vakili Arslonxon G‘oziyning ramziy qabrlari bo‘lishi mumkin. Bunga asos sifatida Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning “Mu’in al-fuqaro” “Tarixi Mullozoda” (Buxoro mozorlari zikri) kitobida yozilgan quyidagi ma’lumotlarni keltirmoqdalar:
Boshqa (biri) masjidi Jome’ning janubidan bir oz masofa o‘tgandan so‘ng kichikroq gumbaz bor va yerda Arslonxon G‘oziyning mozori mavjud, Alloh rahmat qilsin, lekin aslida unday emas, chunki u Balxda 524 yoki 565/1169-70 yili vafot etgan va jasadini Balxdan Marvga olib kelganlar va o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etganlar. U Marvning qishloqlaridan bo‘lmish Susda olamga kelgan. U Raboti Malikning quruvchisi (Arslonxon)ning farzandiga nevara bo‘ladi. Sulton Sanjar unga kuyov bo‘lgan va uni Tafqochxon ham derdilar. Tafqochi Kabir (Buyuk Tafqochxon) Ibrohim ibn Nasr Raboti malik bonisi (ya’ni Arslonxon)ning otasi bo‘ladi. Masjidi Jome’ga qo‘shilgan minora Arslonxonning imoratidir, u besh yuz oltmish birinchi (561/1165-66) yili qurilgan ekan.
Izohi:
Masjidi Jome’ning janub tarafida ozgina masofadan so‘ng Arslonxon G‘oziy mozori joylashgan. Biroq bu to‘g‘ri emas. U Balxda vafot etgan. Jasadini Marvga keltirganlar va u bino etgan madrasada dafn etganlar. U Marvda tavallud topgan va Ibrohim Tamg‘och Shams al-mulukning nabirasidir. Sulton Sanjar esa Arslonxon G‘oziyning kuyovidir va uning qabri ham shu yerda. 565/1169-70 yili u vafot etgan. Jome’ masjidiga mutassil bo‘lgan minorani u 561/1165-66 yili bino etgan.
Buxoro jadidchiligining yirik namoyandalaridan va ma’rifatparvar, tarixchi olim, professor Muso Saidjonovning “Buxoro shahri va uning eski binolari” ilmiy asarlarida bu haqda shunday yozilgan:
Darvozai Bani Sa’d: Toqi Telpakning janubidagi ko‘chadan to‘g‘ri borganda, o‘ngdan birinchi ko‘chadan minor osti va Masjidi Kalonga chiqiladi; Darvozai Bani Sa’d shunda bo‘lg‘on. Arslonxon binni Muhammal o‘z saroyini shunda soldirg‘on*, ham shunda hozirgi Taxti minor eski bozorining janubiy-g‘arbiy burchagida Asrslonxon o‘zi uchun ko‘k gumbazlik bir maqbara bino ettirgani** va o‘rning (u yerning) vaziyati (holati), ham xalq og’zidan eshitilgan mutavotir naqllar bu fikrni taqviya etadi.
*Narshaxiy: “Va saroyi xos xudro ba durust obod farmud ki bino kardand ast”.
**Tarixi Mullozoda “Mazkur gumbaz yer ostida ko‘milib qolg‘on; uning ustida voqye bo‘lg‘on hovlining egasi quduq qozg‘onda ko‘k gumbaz chiqqanini so‘ylaylar”.
Ikkinchi fikr, ko‘proq ilmiy asoslanmagan fikr bo‘lib, unda bu ramziy qabr Minorayi Kalonni qurishdagi usta Baqoga tegishli ekanligidir.
Dunyodagi mo‘’jizalardan biri Buxorodagi Minorai Kalondir. Shunday naql qiladilarki, Chingizxon Buxoroga kelib barcha osori- atiqalarni, ya’ni masjidu madrasalarni yer bilan yakson qilgan. Minorai Kalonni ko‘rib, uning tepasiga qaraganda bosh kiyimi yerga tushgan. Chingizxon umrida birinchi bor seskanadi va bu ulug‘, mo‘’tabar inshootni buzishga jur’at etmaydi.
Minorai Kalon shunchaki toshdan bunyod etilgan obida emas, u – mo‘ysafid, donishmand Buxoro, u – yog‘iylarga bo‘yin egmagan, bosqinchilarga tobe’ bo‘lmagan, hamisha yuksaklikni ko‘zlab, abadiylikni bo‘ylaydigan xalqimiz timsoli.
Raketalar uchun andoza
Olmishlar Minori Kalondan,
Osmon esa ochiq darvoza
Minor parvoz istar azondan,
Minor bilmas, ming yildan beri –
Uchmoqda vaqtlarga qasdma-qasd.
Parvoz etar ona yer shari
Minordan ajralmay bir nafas.
Har bir shaharning ramzi bor, shu ramz dunyoniig qay burjidan namoyon bo‘lsa, butun bir shahar, yo mamlakat ko‘z oldingga keladi, Turon zaminni bildiruvchi shunday ramzlardan biri – Minorai Kalondir.
Minora (Minoratun) – arabcha so‘z bo‘lib, mayoq mazmunini anglatib keladi. Bunday inshoot masjidlar yonida qurilib, muazzinning azon aytishiga mo‘ljallangan.
Ma’lumki, Buxoroyi sharifning to‘rt tomoni cho‘lu sahro. Uzoq, mamlakatlardan keladigan karvonga Minora yo‘l ko‘rsatkich vazifasini o‘tagan. Minoraning ustidan atrofni kuzatish, ya’ni dushman kelayotganidan xabardor bo‘lish mumkin ekan. Ko‘rilib turibdiki, bu tarixiy obida bir vaqtning o‘zida bir necha xizmatni qilgan.
Minorai Kalon 1127 yil qoraxoniylar davrida Arslonxon buyrug‘iga muvofiq qurilgan.
Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida yozilishicha, birinchi Minorani Buxoroda Abu Abdulloh al Jahoniy 918-919 yil qurdirgan. Bu Minora qulagandan so‘ng Arslonxon yangi Minora bino qilishga farmon beradi. Minora qurilishi oxiriga yetmay qulaydi. Shundan so‘ng Arslonxon pishiq g‘ishtdan Minorai Kalonni mustahkam qurish to‘g‘risida buyruq beradi.
Naql kiladilarki, Usta Baqo Minorai Kalonni qurishda suv o‘rnida tuyaning suti tuxumning oqidan foydalangan.
Rivoyat qiladilarki, Usta Minorai Kalon asosini qurgandan so‘ng qirq yil pinhon bo‘ladi. Podshoh Ustaning bu ishidan gazablanadi, Usta yoniga kelib: “Shohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz pinhon bo‘lganim sirini bildiraman!” – deydi. Shoh: “Kechdim, gapir” – deb ijozat berganidan keyin, Usta: “Binoning asosi qirq yilda o‘rnashadi. Endi qiyomatgacha Minorai Kalon qulamaydi. Sizning shuxratingizni olamga yoyadi. Agar men pinhon bo‘lmasaydim, siz besabrlik etib, Minora qurilishini tezroq bitkazishni talab qilardingiz. Natijada Minora avvalgiday shikast topardi. Inshaolloh, bu Minora dunyo turguncha beofat bo‘lgay. Zilzilalar ham unga ta’sir etmagay!” – deydi.
Minora asosining diametri 9 metr, uning balandligi 50 metrga yaqin. Uning ichidan 104 zina orqali ustiga chiqish mumkin Minora tanasi g‘o‘lasimon, yuqorisi ingichkalashib boradi va muqarnasli qafasa bilan tugaydi. Minorada tarixiy va diniy mazmundagi ko‘fiy yozuvlar bor.
Naql etilishicha, Usto Baqoning umri poyoniga yetay deb qolganda shunday vasiyat qilibdi: “Meniig janozamni Masjidi Kalonda o‘qing, jasadimni esa shu Minorai Kalon yonidagi hovliga ko‘ming. Agar Minora qulasa, qabrim ustiga qulasin. Suyaklarimni mayda-mayda etib sindirsin! Lekin Xudo shohid! Qiyomatgacha Minorai Kalon qulamagay!”
Keksa namozxonlarning aytishicha, Minorai Kalon tepasidan bir vaqtning o‘zida bir necha muazzin azon aytgan. So‘nggi muazzinlar Qori G‘ulom, So‘fi Abdushukur, So‘fi Qamar, So‘fi Abdulhakimlar edi. 1920 yil Frunze buyrug‘i bilan juda ko‘p obidalar, jumladan, Minorai Kalon ham aeroplan orqali bombardimon qilindi. Minoraning bir necha joylari “jarohatlandi”. Lekin Frunzening to‘plari ham Minorani qulatolmadi.
Sobiq Ittifoq zamonida Minorai Kalonni kamsitish odat bo‘lgan edi. Buyuk inshootni “o‘lim Minorasi” deb aytar va kitoblarga yozardilar. 1929 yildan so‘ng Minorai Kalondan azon aytish ta’qiqlandi. Uning atrofi didsizlik bilan asfal’tlandi, Minora zaxga yem bula boshladi.
Mustaqillik yillarida Minora atrofida marmartoshlar yotqizildi.Minorai Kalon ko‘z qorachig‘idek asralmoqda. Minorai Kalon xalqimiz faxriga aylandi.
Minorai Kalonning janubidagi Poyi Kalon ko‘chasida buyuk me’mor Usto Baqoning qabrlari hozir ham bor.

Izoh bildirish yopilgan.