Buxoro shahridagi To‘pxona guzarida Hazrat Shayx Sufiyoni Savriy (715-778) qadamjolari bor. Ushbu ziyoragohda qadimda masjid, darvozaxona bo‘lgan.
Ziyoratgohda o‘ndan ziyod qabrlar mavjud. Garchi qabrlarning ustida yozuvlimarmartoshlar bo‘lsa-da, lekin vaqt o‘tishi bilan bu yozuvlarning xati o‘chgan.
Ularni o‘qishning iloji yo‘q. Sufiyoni Savriy qadamjolari haqida “Tarixi Mullozoda”, “Tuhfat az zoirin” kitoblarida yozilgan. Manbalarda ta’qidlanishicha, bu yerda Sufiyoni Savriy dafn qilinmaganlar. Ushbu ziyoratgoh qadamjodir.
Sufiyoni Savriy haqlarida Fariddin Attorning “Tazqiratul avliyo” kitoblarida yozilgan: “Hazrati Shayx Sufiyoni Savriy, qoddasallohu sirrahu, shayxlarning ulug‘laridan bo‘lib, xalifalikni qabul etmagan zotdir. Zohir va botin ilmlarida naziri yo‘q erdi.
Bir kuni (hazrati Shayx) masjidga avval chap oyogini bosib kirgan edi, bir ovoz eshitdi: “Yo Savr! (Ey, ho‘kiz) Nechun o‘ng oyog‘ing bilan kirmading?” Sufiyon Savriy bu sadoni eshitishi bilan behush bo‘ldi. Xushiga kelgach, qo‘li bilan soqoliga yopishib, o‘z yuziga bir necha tarsaki urdi va dedi: “Bir sunnatni tark etib, adabsizlik qilganing uchun otingni Savr qo‘ydilar, yana bir adabsizlik qilsang, tasavvur etgilki, ne derlar!”

Bir kuni ekinzor ichiga kirganida, ovoz keldi: “Yo Savr! Banda Haqdan inoyat yetsa, uning oyog‘ini va jam’i andomini yaramas ishlardan saqlagaydir!” Sufiyon hazratlari betob bo‘lib qoldi. Xalifaning juda ham sodiq bir nasoro (xristian) tabibi bor edi, uni Sufiyonni davolamoq uchun jo‘natdilar.
Shayxning peshobini shishaga solib ko‘rdi.Boshini chayqab yig‘ladi: “Bu Savrning Alloh taolo qo‘rquvidan jigari pora-pora bo‘libdi”, -dedi. Filhol, zunnorini kesib musulmon bo‘ldi. Xalifa: “Biz hakimni bemor huzuriga jo‘natdik, deb o‘ylabmiz. Magar bemorni hakimga jo‘natgan ekanmiz!” -dedi.
Sufiyonning yoshlik chog‘idan beli bukilgan edi. Undan so‘radilar “Sening tug‘ishganlaring barchasi tik, salomat. Sening bunday zaif bo‘lib qolishingni sababi nima?” Sufiyon dedi: “G‘oyat olim bir ustozim bor edi. Undan ilm o‘rganar edim. Bu zotga o‘lim holati keldi. Men boshida o‘tirar edim. Nogoh ko‘zini ochib, menga qarab dedi: “Ey, Sufiyon! Ko‘rayapsanmi, meni nima qilurlar? Ellik yil: odamlarga dars beraman, xalqni to‘g‘ri yo‘lga boshlayman. Endi zamon meni, kerak emassan, deydilar” -dedi. Har qancha iymon talq etmayin, iymon keltirmadi. Dunyodan iymonsiz ketdi. Endi buni ko‘rgan kishining beli bukilmay, nima qilsin?!” -dedi.
Sufiyon der ediki, to‘rt xislat kofirlik keltirur: bir kishini ko‘rmasdan g‘iybatini qilmoq, zero kishining aybini ko‘rmay so‘zlamoq g‘iybatdur, bu g‘aybga hukmdir. G‘aybga hukm esa kufrdir. Musulmonlarning moliga hasad qilmoq – Allohning berganini ravo ko‘rmaslikdir, kimki Allohning berganini ravo ko‘rmasa, kofirdir. Harom mol topmoq qiyomat hisobiga ishonmaslikdir, kimki qiyomat hisobiga ishonmasa, kofir bo‘lur. Gunohi qo‘p, deb Haq rahmatidan umid uzmoq, o‘z gunohlarini Haq rahmatidan ham ko‘proq, deb bilmoq bo‘lur. Bu ham kufrdir.

icon-car.pngKML-LogoFullscreen-LogoQR-code-logo
So‘fiyoni Savri ziyoratgohi

loading map - please wait...

So‘fiyoni Savri ziyoratgohi 39.778332, 64.417037 Kenglik: 39.778332 Uzunlik: 64.417037