HAZRAT MIR ARAB (1461-1536)
Hazrat Mir Arab q.s. naqshbandiya tariqatining ulug‘ piri murshidi, sohibkaromat avliyo, ulkan tarbiyachi edilar.
Mir Arabning asli ismlari Sayid Abdullohdir. Ul zoti sharif Yamanning Hazarul Mavt mavzesida taxminan 1461 yilda tug‘ilganlar.
Sayid Abdulloh Yamanning amiri bo‘lgan, lekin 22 yoshga kirganda, nogoh jazba (ya’ni dillariga Alloh taolo ishqi) paydo bo‘lib, toju taxtning bahridan kechadilar va Samarqanddagi Xoja Kafshir guzarida Xoja Ahrori Valiy suhbatlariga yetishadilar va qisqa muddatda Xoja Ahrordan irshod xati olib pir darajasiga yetishadilar. Abdullohni Mir Arab Yamaniy deyishlariga sabab, u kishining millati, amirligi va tug‘ilgan joylariga ishoradir.
Vosifiy “Badoe’ ul vaqoe’” asarida yozishicha, Ubaydulloxonning piri Hazrat Mir Arab bo‘lgan. Mir Arab Turkistonning, Savron degan joyida korizlar qazdirib, suv chiqarganlar va ko‘p joylarni obod qilganlar. Shofirkon, Vobkent, G‘ijduvonda (Buxoro viloyatida) kanallar qazdirib, bog‘lar barpo etgan. Shofirkondagi ushbu ariqni Sultonxon arig‘i debnomlaganlar. Zero Mir Arab uni Ubaydulloxon ibn Sultonxon nomiga qo‘ygan. Ayni shu kunlarda bu ariq bor, yana Shofirkon tumanida Mir Arab Qal’asi ham mavjud. U ziyoratgoh Mir Arabning qadamjolaridir.
Ma’lumki, 1512 yilda Eron shohi Ismoil Safaviyning buyrug‘iga muvofiq sarkarda Najmi Soniy 80 ming qizilboshlar bilan Movarounnahrga hujum boshlaydi. Najmi Soniy deydiki: “Men Samarqandni yer bilan tep-tekis qilaman, uni shudgorlab, unda “qovun” undiraman, ya’ni kallalarni yerga qator qilib tashlayman”.
Najmi Soniy lashkarlari shaharlarni birin-ketin ishg‘ol qila boshlaydi. Ubaydulloxon ham, Jonibeksulton ham qo‘rqib qochadilar. Bu voqeani eshitib Mir Arab zudlik bilan Buxoroga keladilar va Ubaydulloxonga dalda berib, uni jangga boshlaydilar.Ubaydulloxon pirning duosi, pandu nasihatlaridan so‘ng lashkarni jamlab, jasorat bilan Najmi Soniyga qarshi hujum boshlaydi. 1512 yil G‘ijduvonda bo‘lgan jangda Mir Arab duolari sharofatidan Najmi Soniy o‘ldiriladi, qizilbosh bosqinchilar mag‘lub bo‘ladi. (S.Ayniy, “Vosifiy va xulosai Badoe’ ul vaqoe’”, Nashriyoti Davlatii Tojikiston, 1959 s.)

Mir Arab 1530 yil Buxoro shahridagi Minorai Kalon kun chiqar tomonida madrasa qurdirishni boshlaydilar. Qur’oni Karimda 114 sura bor, bu madrasada ham 114 ta hujra bino etilgan. Madrasa qurilishi 1536 yil tugadi. Sharafiddin Roqimiy “Tarixi tomm” kitobida yozadiki, ushbu madrasa peshtoqida “Mullo Mir Ali Kotib Buxoriy, ki xat san’atida olam qalamravidagalar angushtnamoidur, olam sahisfasida va kechayu kunduz daftarida hech kim qalam kemasiga kitobatda xatni uningdek torta olmagan, uning bitishida tarix bitdi. Tarix:
Mir Arab faxri Ajam on, ki soxt,
Madrasai oliy bas bulajab,
Bulajab inast, ki tarixi o‘st.
Madrasai olii Miri Arab.
Mazmuni: Mira Arab Ajam faxridurki, u ajib bir oliy madrasa qurdi.Ajibligi shuki uning tarixi “Madrasai olii Miri Arab” bo‘ldi. “Madrasai olii Miri Arab”dan 942 hijriy yil hosil bo‘ladi. (Sharafiddin Roqimiy, “Tarixi tomm”, T. “Ma’naviyat”, 1998 yil, 88-89-sahifalar).
Bu hijriy 942, melodiy 1536 yilga to‘g‘ri keladi. Darvoqe, Sayid Abdulloh Yamaniy, ya’ni Hazrat Miri Arab qurdirgan ushbu madrasa Miri Arab madrasasi nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Miri Arab madrasasi qurilishi bitmay turib, 1536 yilning boshida Hazrat Miri Arab vafot qiladilar. Ul zotni mazkur madrasa shimolidagi gumbaz ostiga ko‘madilar. Miri Arabning kuyovlari Shayx Zakariyo madrasa qurilishini oxiriga yetkazgan.
“Tuhfat az zoirin”da naql etilishicha, o‘sha asru ayyom valiylaridan biri Abdulhaq Buxoriy bir kun tush ko‘radilar.
Tushlarida payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. Minorai Kalonga muborak yelkalarini tirab turibdilar. Haddan tashqari ko‘p odam Hazrat payg‘ambar s.a.v. diydorlarini ko‘rmoq umidida to‘plangan. Muhammad s.a.v.: “Ey„ Abdulhaq!” – deb chaqiradilar. Men ul janob s.a.v. yonlariga yugurib borib: “Labbay, yo Raslulloh s.a.v.!” – dedim. Payg‘ambar s. a. v. deydilar: “Farzandim Mir Arab ajab nek Madrasa qurdiribdi!”. Mazkur hol ushbu madrasaning qabuli nazar bo‘lganiga ishoratdir.
Domlo Abdurahim, Domlo Qosim, Domlo Ismoil, Domlo Xoji Muxtorxon, Domlo Sadriddinlar (Alloh ularni rahmat etgan bo‘lsin) madrasada ta’lim berganlar.
Ayni shu kunlarda ham Mir Arab madrasida tolibi ilmlar islom dinidan saboq olmoqda.

HAZRAT MUHAMMAD BOQIR YaMANIY (vaf. 1566)
Hazrat Muhammad Boqir Yamaniy Mir Arabning o‘g‘illari bo‘lganlar. Bu zoti sharif haqlarida. H. Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” kitoblarida ma’lumot berilgan: “Muborak Husayniy Sayidlaridan va Mir Arab nomi bilan tanilgan Amir Abdulloh Yamaniyning sharif o‘g‘illari Muhammad Boqirdirlar. Ularning asl Vatani Hazarulmavt va u joy Yaman o‘lkasiga qarashli shaharlardan biri hisoblanadi. Va Hazrat Hud payg‘ambarning qabrlari o‘sha yerdadir. Qur’oni Karimda nomi tilga olingan, ya’ni Od qavmi qurgan Mashid qasri o‘sha yerda bo‘lgan. Aytishlaricha, qadim zamonda o‘sha o‘lka yeri ostidan bir sopol idish topilgan bo‘lib, unda bir man og‘irlikdagi bug‘doy bor ekan va uning har bir donasi tovuq tuxumiday kelarkan. Hozir esa kishilarda insof yuqligi va el orasida yomon qiliq-odatlar ko‘paygani uchun
oradan barakot ko‘tarildi, rizqimiz asosi bug‘doy ham shu (kichik) miqdorga kelib qolgan.” (H.Nisoriy, “Muzakkiri ahbob”, T., “A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti”, 1993 yil, 225-227-sahifalar. Fors-tojik tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi).
Buxoro hukmdori Hazrat Muhammad Boqirga ko‘p izzat-ikrom ko‘rsatgani manbalarda zikr etilgan. Zero Hazrat Muhammad Boqir o‘z zamonasining allomasi edilar. Hazrat Muhammad Boqir Mir Arab madrasasida yoshlarga saboq bergan. Shuningdek, u zoti sharif g‘azallar ham yozgan va taxalluslari Yamaniy bo‘lgan. “Muzakkiri ahbob”da Hazrat Muhammad Boqirning quyidagi g‘azallari keltirilgandir:
Yorro so‘yi asiron nazare nest digar,
Jonibi besaru poyon guzari nest digar.
On chunon dar g‘ami tu zi xud bexabaram,
Ki dar in dahr chu man bexabare nest digar.
Chun tu xurshidvashe bar fadaki zeboy
Mohro‘, zuhrajabin, siymbare nest digar,
Garchi xubon hama xuband dar in ahd vale,
Az tu, Ey, shohe buton, xubtare nest digar.
Yamaniyson ba xayoli qaddat, Ey, sarvi ravon,
Bar sari ko‘yi tu ufdodatare nest digar.
Mazmuni: Yor o‘z asirlari tomon umuman endi nazar tashlamas, uning ishqi yo‘lida boshini yo‘qotganlar guzaridan aslo o‘tmas. Ishqing yo‘lida o‘zimdan tomom behud bo‘ldim, men endi hamma narsadan bexabarman. Go‘zallik osmonndasen kabi bir quyosh qayda? Ey, oi yuzli, zuhrajabin, siyminbadan! Garchi bu zamondagi hamma tuzallar yaxshi, lekin sen kabi go‘zal qayda, sen hammasidan yaxshiroqsan! Yamaniy kabi qadding xayolida, Ey, sarvi ravon, ko‘changda yiqilib qolganlar yo‘qdir. (“Muzakkir ahbob”, 227-sahifa).
Ko‘rinib turibdikm, Hazrat Mir Arab va u kishining o‘g‘illari MuhammadBoqir saidzoda bo‘lib, o‘z zamonasining yetuk insonlari edilar.
Hazrat Muhammad Boqir 1566 yilda vafot qilganlar va qabrlari otalari Mir Arabning yonlarida, Mir Arab madrasasi go‘rxonasidadir.

ShAYX ZAKARIYo QABRLARI
Shayx Zakariyo hazratlari haqida “Tuhfat az zoirin” kitobida ma’lumot berilgandir. Bu zoti sharif Hazrat Miri Arabning kuyovlari bo‘lib, Miri Arab madrasasini bino etishda xizmat etgan. Shayx Zakariyoning qabrlari “Tuhfat az zoirin”da yozilishicha, Miri Arab madrasasi go‘rxonasida, Hazrat Miri Arabning qabrlari yonidadir.

icon-car.pngKML-LogoFullscreen-LogoQR-code-logo
Mir Arab Yamaniy va_Shayx Zakariyo ziyoratgohlari

loading map - please wait...

Mir Arab Yamaniy va_Shayx Zakariyo ziyoratgohlari 39.776180, 64.415406 Kenglik: 39.776180 Uzunlik: 64.415406