Shayxush shuyux, olimi Rabboniy, qutbi asr, sohibkaromat avliyo, yuksak maqomot sohibi, piri murshid, allomai zamon Hazrat Yusuf 1048 yil Hamadonda tug‘ilganlar. Hazratning nasablari Imomi A’zam (699-767) hazratlariga borib taqaladi.
Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniy “Maqsad as solikin” kitoblarida piri murshidlari Yusuf Hamadoniyning surat va siyratlarini bayon qilgan…
Musavvir yetti rangni ishlatib surat chizadi. Lekin agar bitta rang, asosiy – sakkizinchi rang qo‘shilmasa, surat quruq, jonsiz chiqadi. Barcha ranglar rangini o‘zgartiradigan bu rang mehrdir, muhabbatdir. Hazrat Abdulxoliq mehr bilan, muhabbat bilan piri murshid surat va siyratlarini chizadi. Ko‘z oldingda juda ham qadrdon inson: qotmadan kelgan, ko‘rkam, uzun soqoli o‘ziga yarashgan, yuzlaridan nur tomayotgan, lablarida tabassum, ko‘zlarida ilohiy fayz – mehru shafqat balqiyotgan Yusuf Hamadoniy namoyon bo‘ladi. Va bu zoti sharif sendan aslo ajralmaydi. U kishining har bir qadami, har bir aytadigan kalomi, har bir etayotgan ishi – namuna, dasturilamal. Beixtiyor bu zoti sharifga ergashasan, u kishiga taqlid qilasan, payrav bo‘lasan. Nega? Chunki bu komil insonga havasing keladi. Va Yusuf Hamadoniyning saxovatlarini ko‘rib, o‘zingdagi baxillik, tabassumlarini ko‘rib, uyilgan qovog‘ing, kamtarliklarini ko‘rib, o‘zingdagi kibru havo, allomaning ilmlarini ko‘rib, omiy-besavodliging, ul zotning shohu gadoga bir xilda bo‘lgan muomalalarini ko‘rib, o‘zingdagi qo‘rslik, shayxning sahifaama’liklarini ko‘rib, tama’girliging, ul zoti sharifning turli din vakillariga bir xil etadigan pandu nasihatlarini ko‘rib, o‘zingdagi mutaassiblik, u kishining ketmon chopib, halol rizq topayotganini ko‘rib, o‘zingdagi tanballik, kam yeyishlarini ko‘rib, ochofatliging, kam uxlashlarini ko‘rib, g‘ofilliging, kam gapirishlarini ko‘rib, vaysoqiliging, turli millat vakillariga bir xil muomalalarini ko‘rib, mahalliychiliging, millatchiliging, xullas, behisob ayblaring ko‘zguda namoyon bo‘ladi. Yusuf Hamadoniy hazratlari ulkan Ko‘zgu! Ul zoti sharif pandu nasihat etib, shirin suhbat qilib, tanbeh berib asta-asta seni aybu nuqsonlardan qutqara boshlaydilar.
Qachon aytilgan gap bilan etilayotgan ish bir xil bo‘lsa, qachon til bilan dil bir bo‘lsa – shunda natija hosil bo‘lur. Aytgan gaplariga o‘zlari amal etganlari bois ustod Hamadoniyga yuzlab, minglab, bugungi kunga kelib millionlab kishilar ergashmoqda.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Yusuf Hamadoniy Buxoro, Samarqand, Marv (Mori), Xorazm, Bag‘dod, Makka, Madina va boshka shaharlarda bo‘lib, u yerda ilm olganlar. Hazrat ikki yuz o‘n uchta buyuk alloma, shayxlar bilan hamsuhbat bo‘lganlari manbalarda yozilgan.
Yusuf Hamadoniy buyuk alloma Shayx Abu Ishoq Sheroziydan fiqh ilmini o‘rgandilar. Hazrat hadis, tafsir ilmlarida o‘z zamonasining yaktosi bo‘lgan.
A.Jomiyning “Nafohatul uns” kitoblarida yozilishicha, Hamadoniyning tariqatdagi pirlari Hazrat Abu Ali Formadiy (1004-1084) bo‘ladilar.
Hazrat Formadiyning to‘rtta eng yetuk xalifalari bo‘lgan: 1. Xoja Abdullo Munir Amiqiy. 2. Xoja Ishoq Faxr Nasrobodiy. 3. Xoja Hamididdin Multoniy. 4. Xoja Yusuf Hamadoniy.
Xoja Yusuf Hamadoniy quyidagi kitoblarning muallifi hisoblanadilar: “Rutbatul hayot”, “Manozil us soirin”, “Manozil us solikin”.
A.G‘ijduvoniy ta’kidlashlaricha, Hazrat Yusuf Hamadoniy o‘ttiz olti marta haj qilib, Qur’oni Karimni o‘ng ming marta xatm qilganlar. Ul zoti sharifning yetti yuzdan ortiq shogirdlari avliyolik darajasiga yettan.
Hazrat aksariyat vaqt kunduz kunlari ro‘za, kechalari esa bedor-ibodatda edilar. Yusuf Hamadoniy sharofatlaridan sakkiz yuz nafar butparast islom dinini qabul etgan. Juda ko‘p kishilar to‘g‘ri yo‘lni topgan.
Hazrat umrlarida hech kimni haqorat qilmagandilar, hatto tillariga “la’nati”, “badbaxt”, “it” degan haqorat so‘zlarni umuman olmagandilar.
Hamadoniyning odob-axloqlari, qiladigan ishlari sunnatga muvofik bo‘lib, Hazrat payg‘ambar s.a.v.ga izdosh, payrav edilar.
Ul zoti sharif dehqonchilik va kosiblik (etikdo‘zlik, yamoqchilik) hunarlari orqali rizq-ro‘zilarini topardi. Halol kasbdan topgan maoshlarini beva-bechora, yetim-esir, ko‘zi ojiz, musofir, kambag‘allarga, shuningdek, tolibi ilmlarga ehson qilardi.
Hazrati pir taomlarini o‘zlari pishirar, kirlarini o‘zlari yuvar, kiyimlarini o‘zlari yamardi. Yamoqli kiyimni yaxshi ko‘rardilar. Ajabo? Nega buyuk pir, ulug‘ avliyo yamoqlik kiyim kiyishni xush ko‘rgan? Shuni ta’kidlash joizki, o‘sha asru ayyomda zarbof to‘nlar kiymoq, zarrin kamarlar bog‘lamoq boylar, darbor ahliga, zadagondarga rasm bo‘lgan edi. Musulmonlar botinini emas balki zohirini bezay boshladilar. Hazrati pirning oddiy kiyim, hatto yamoqli kiyim kiyishlari zohirparastlarga tanbeh bo‘lgan.
Yamoqli kiyim – kibru manmanlik kushandasi, kamtarlik belgisi. Bu nafsini o‘ldirgan, nafsini xoru zor qilgan kishilar libosi. Bu ichki dunyosini ziynatlagan ahli taqvo, ahlullohlarning libosi.
Hazrat ot minmas, zarurat bo‘lganda eshakka minar, safar qilardilar. Bunda ham katta hikmat bor. Albatta ot ham ulov. Lekin ot minsa manmanlik, kibrga sabab bo‘lishi mumkin.
Suhbatlarda, davralarda olimliklarini, avliyoliklarini aslo oshkor etmasdilar. Suhbatdoshlaridan o‘zlarini baland tutmas, hech kimni tahqirlamas, mazax qilmas. Kimni ko‘rsalar, unga: “Xoja!” deb murojaat qilardilar. Nomahram xotin-qizlarga, inchunin, bolalarga aslo tikilib qaramasdilar. Aksariyat kalimai raddi kufrni o‘qib yurardilar.
Hazrat hamisha xufiya zikr ila mashg‘ul edilar. Yusuf Hamadoniy Hazrat Salmoni Forsiydan qolgan tasbeh va hassani g‘oyat e’zozlab saqlardilar.
Hazrat shahar va qishloqlarga borar, turk, arab, tojik millatiga mansub kishilar bilan, shuningdek, xoh qul, xoh boy bo‘lsin hamma bilan birday suhbatlashardilar, hammaga pandu nasihat etardilar. Islomning mohiyati, Hazrat Rasuli Akram s.a.v. hayotlari, inchunin, sahobalarning odoblaridan gapirib berardilar. Amri ma’ruf va nahyi munkar etardilar.
Yusuf Hamadoniyning eng yetuk xalifalari Abdullo Barqiy, Hasan Andoqiy, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy edilar.
Yusuf Hamadoniy 1141 yil vafot qildilar. Bu zoti sharifning qabrlari Marv (Mori)dadir.
Buxoroda Hazrat Yusuf Hamadoniyning qadamjolari bor. Bu Xoja Nurobod ko‘chasining g‘arbida joylashgan Korxona guzaridadir. Ushbu tabarruk joyda Hazrat Barqiy, Andoqiy, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniylar ma’lum muddat yashab, Yusuf Hamadoniydan ta’lim olganlar. Korxona guzarida masjid, hovuz, maqbara bor edi. Sobiq Ittifoq zamonasida masjid yiqitildi, hovuz ko‘milib, marmartoshlari talon-taroj qilindi. Lekin Yusuf Hamadoniy qadamjolari bor. Umid qilamizki bu tabarruk go‘sha ham obod etiladi.
Yusuf Hamadoniyniig hikmatlari bir necha asrlardan insoniyatga ma’naviy oziq berayotir:
– Inson dunyo lazzatlaridan voz kechmaguncha, ibodatni farog‘at bilan ado etolmas. Zero bir qalbda ikki zid narsa o‘rnasha olmagay.
– Agar tuproq mohiyatini o‘rganaman desang (zero sen tuproqdan yaratilgansen), bugun umring sarf bo‘lur, lekin tuproq siru asroriga oid bo‘lgan ilming ibtidoda qolgay.
Agar suvning xususiyatlarini o‘rganmoqqa bel bog‘lasang (zero sen suvdan yaratilgansan), ming yil umr ko‘rsang-da, suvning mingdan bir xususiyatini bilmakka aqling yetmas.
Agar olov sir-sinoatini o‘rganaman desang (zero sen olovdan yaratilgansen), qiyomatgacha umr ko‘rsang, dunyo tugar, lekin olov sir asrori tugamas.
Agar havoning sifatlarini o‘rganaman desang (zero sen havodan yaratilgansan) umring, ilming, aqling tugar lekin xavo sifatlari tugamas.
– Zikr qalbni yumshatadi va ko‘ngil ko‘zini munavvar qiladi. Qalb tafakkurini ochuvchi kalit- zikrdir.
– badan din yo‘lida g‘oziyning otidan va hojining tuyasidan afzal bo‘lmaganidek, tuban ham emas. Jihod va haj yo‘lida ot va tuyaga yem-xashak berish Haqqa ibodat va diniy amallardan bo‘lsa, bundan ham afzalrog‘i – shariat hukmlarini va din ahkomlarini bajaruvchi badanni taomlantirmoq – bu Haqqa itoat va yaqinlik qilishdir.
– Hoyu havaslarga ergashib, nafs vasvasalariga bo‘ysunib, shariatga xilof amallarni bajarish uchun badanni parvarish qilgan inson ot va tuyaga yem-xashak berib, ularning kuchi bilan yo‘lto‘sarlik qiladigan qaroqchiga yoki bir musulmonni nohaq o‘ldirish uchun qilich qayirgan kishiga o‘xshaydi.
– Alloh sevgisi maxluqot sevgisidan ko‘ra jo‘shqin va shiddatli va qudratlirokdir. Nafsoniy va Shaytoniy sevgi bilan Rahmoniy sevgi orasidagi farq shunday: maxluq sevgisidan o‘zidan ketish va devonalik yuzaga keladi. Haq taoloni sevishdan esa ko‘ngilda farosat, hikmat va ma’rifat hosil bo‘ladi. Chunki Shaytonning yo‘lida tikan va xas-xashak uchrasa, Haq taoloning yo‘lida faqat nargisu lola, gullar ro‘paru keladi… (Xoja Yusuf Hamadoniy, “Hayot mezoni”, Toshkent, “Yangi asr avlodi”-2003 y.)

Izoh bildirish yopilgan.