Hazrat  Xoja  Porso (1348 -1420)  buyuk pir, ulug‘ alloma, Haqqa yetgan orif olimi zamona, qutbul avliyo, sohibkaromat murshid bo‘lganlar. Bu zoti sharifning ismlari Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin al Buxoriydir. Xoja 1348 yil Buxoroda tug‘ilganlar. A.Jomiy, A.Navoiy, A.Safiy va boshqa allomalar Hazrat Xoja Porso xaqlarida o‘z mo‘’tabar asarlarida yozganlar.
“Rashahotda” keltirilishicha, Xoja birinchi bor pirlar piri Hazrat Bahouddin Naqshband huzurlariga kelib, darvozani taqillatadilar. Uydan bir kanizak chiqib, Xoja bilan savol-javob qiladi va uyga kirib: “Huzuringizga kirishni istab bir porso yigit kelibdi!” – deydi. Hazrat Bahouddin ruxsat beradilar va ul kishin ko‘riboq: “Ismingiz Porso bo‘ladi” – deydilar. Birinchi uchrashuvda shu so‘zning sharofatidan ul zoti bobarakot “Xoja Porso” nomi bilan mashhur bo‘ladilar. “Porso”-forscha so‘z bo‘lib, “xudojo‘y”, “o‘zini gunohlardan saqlovchi”, “taqvodor” degan lug‘aviy ma’nolarini anglatadi. Xojaning surat va siyratlari shu nomga munosib edi.
Xoja Porso Buxoro madrasalarida o‘qib, ilm olganlar. Botin ilmidan Xoja Porsoga Hazrat Bahouddin ta’lim bergan, Muhammad Boqirning “Maqomoti Shohi Naqshband” kitoblarida yozilganki: “Qutbul avliyo Xoja Porso naql qiladilarki, Hazrat Xojamiz Baxouddin Naqshband quddisa sirruhu birinchi marta haj safaridan kaytib keldilar va muxlislar Hazratni birma – bir ziyorat etdilar. Ayni majlis avjida men davraga kirdim. Hazrat men tomonga yuzlarini o‘girib dedilarki: “Do‘stlarimizdan qay birisi bizning yonimizga kelsa avval botinlarini bizniig botinga rost aylab, so‘ng xuzurimizga kiradi. Lekin xoh g‘aybda, xoh yonimizda bo‘lsin – botini mening botinimga doimo rost bo‘lgan yagona do‘stim sensan!” Alhamdulillahi Rabbil olaminki, shu kundan e’tiboran bu faqirga Xazrat nazarlari, mehr – muhabbatlari ziyoda bo‘ldi va dedilarki bizda ne bulsa, barchasini o‘zingga singdirib olding.” Hazrat doim lutf va fe’l borligidan qat’iy nazar amal jazosi muqarrarligidan amr qilardilar”. Zero qavl, amal va fe’l birligini riyokorlikdan saqlamok, lozim. Va Hazrat hayotlarining oxirida men faqir haqimda ko‘p lutf etib aytdilarki: “Men hargiz sendan ranjimadim, boshqalar esa meni ko‘p ranjitdi. Agar oramizdan biror bir gap o‘tgan bo‘lsa, bunga sen emas, balki men sabab bo‘lganman. Va shul bois bir necha vaqt botinimni seningbotiningdan ayirgan edim.” Va Hazrat yana dedilarki: «Endi mening botinim bilan sening botining rost tushibdur. Va men Hijoz yo‘lida (Haj safari
chog‘ida) sen haqingda bildirgan fikrim qat’iydur, Va agar o‘shal asnoda o‘zing yonimda bo‘lganingda erdi, sening to‘g‘ringda bahoyim aytilganidan ham ortiqroq bo‘lur erdi”. Va yana Hazrat dedilar: «Sen menga muridlik yuzasidan bamisli dastgohsan, biz tarbiyatingni takomiliga yetqazdik”.

Va Hijoz yo‘lida bu bandai faqirni muroqabaga amr etdilar va muroqaba tariqini va o‘zlarining himoyatlarida xayolot xazinasiga band bo‘lmoq ilmu amallarini ham o‘rgatdilar. Va buyurdilarki: “Mavlono Orif Deggaroniy haqqinga ne degan bo‘lsa, men ham uni tasdiqlayman”. Va boshqa bir paytda dedilar: “Sening tariqing jazbae va sening sifating jamol va jalol orasidadur. Va kayfiyatni sening ilmingga havola ayladuk!”
Va yana dedilar: “Xoja Porso ne tilasa Alloh taolo bajo keltiradi, biz degaymizki, aytgil, ul tilamaydur!”
Va Hijoz yo‘lida vasiyat qilib dedilar: “Xojagonlar tariqatida har nasibae va amonateki bizga yetibdur va neki bu yo‘lda kasb qilibdurmiz, ul omonatni senga topshirdik. Chunonchi, Mavlono Orif topshirgan edilar, qabul aylagaysen va uni xalqullohga yetkazgaysen. Shu ma’noda ko‘p mubolag‘alar etdilar. Va yana hayotlarining oxirida ham Buxoroda yuqoridagi, vasiyatni takrorladilar”.
Ma’lum bo‘layaptiki, Hazrat Xoja Porsoga nisbatan Hazrat Bahouddining mehrlari g‘oyat baland bo‘lgan ekan.
Manbalarda Hazrat Xoja Porsoning karomatlari haqida ham ma’lumotlar bor. “Rashahot”da naql etilishicha, Mirzo Ulug‘bek zamonasida Samarqandga shayx Shamsiddin ibn Muhammad al Jazariy keladilar. Bo‘l zot muhaddislar peshvosi edilar. O‘shal vaqtga Xoja Porsoga nisbatan g‘arazgo‘ylik qilib yurgan kimsalar bo‘lgan. Ular shayx Jazariyga deydilarki: “Xoja Porso” degan kishi Buxoroda hadis rivoyat qiladi, lekin uning asnodi (ya’ni kimlar orqali yetib kelgani) to‘g‘ri yo noto‘g‘riligini hech kim bilmaydir. Xoja Porsoni o‘zingiz bir imtihon qilsangiz. Agar aytgani tug‘ri bo‘lsa, ishini davom ettirsin. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, hadisgo‘ylikni bas etsin. Har ikki holda ham sizga savob bo‘lur!” G‘arazgo‘ylar Mirzo Ulug‘bekni ham ko‘ndirdilar. Shundan so‘ng Xoja Porsoga kishi yuborib, ul zotni Samarqandga taklif
qildilar. Samarkand shayxulislomi Xoja Isomiddin, shuningdek olimu fuzalolar yig‘ilgan katta bir majlisda Xoja Porsoga hadis aytishni buyurdilar. Hazrat Xoja Porso bir necha hadislarni asnodi bilan bayon qildilar. – Hazrat shayx Shamsiddin dedilar: “Aytgan hadislaringizning shak-shubha yo‘q, lekin asnodlari mening nazarimda aniq emas”.
Bu gaplarni eshitib hasadgo‘ylar bir-biriga qarab ko‘z qisib, hadislarning boshqa asnodlarini aytdilar. Lekin Shayx o‘sha gaplarini takrorladi.
Xoja Porso bildilarki, ushbu davrada qancha hadis keltirsalar baribir uning asnodlariga e’tiroz bildiradilar. Shundan so‘ng Hazrat Xoja Porso muroqaba etdilar, andak fursat o‘tgandan so‘ng dedilar: “Ahli muhaddis hisoblanmish Muslimning asnodlari e’tiborlimi?” Shayx: “Ore! Ushbu kitob g‘oyat mo‘’tabardur. Unga hech kim shak – shubha bildirmagay. Agar siz misol keltirgan hadislar asnodi shul kitobda bo‘lsa, biz barchasini qabul qilurmiz.” – dedi.
Hazrat Xoja Porso shayxulislom Isomiddinga qarab dedilar:
“Kutubxonangizdagi falon tokning ustidagi falon kitobning tagida ushbu asar bor. Shu kitobning falon sahifasida biz aytgan hadislarning asnodi keltirilgan. Bir kishini yuborib o‘shal kitobni olib keling!” Bu gaplarni eshitib ahli majlis bag‘oyat hayratlandi. Xoja Isomiddin ham aniq bilmasdiki, shul kitob o‘shal joydami, yo yo‘q. Lekin hamma hozir bo‘lganlar anik, bilardiki. Xoja Porso Xoja Isomiddii uyiga, uning kutubxonasiga umrlarida hech bo‘lmaganlar. Shu bois hamma taajjublanar va ishning oxiri qanday tugashini sabrsizlik bilan kutardi. Xoja Isomiddin davradagilardan birini kutubxonasiga yubordi. Haligi odam Xoja Porso aytgan joydan o‘shal asarni topib olib keldi. Shayx uni ochib qarasalar, darhaqiqat, Xoja Porso bayon qilgan asnodlar bor ekan, Bugun majlis ahli tahsinu ofarinlar dedi. Xususan, Xoja Isomiddin hammadan ortiqroq xursand bo‘ldi. Hasadgo‘ylar esa ushbu karomatdan mulzam bo‘lgan ekan. Bu voqea Mirzo Ulug‘bekka bayon qilinganida, Mirzo Ulug‘bek Xoja Porsoni imtihon qildirish uchun chaqirtirganidan pushaymon bo‘lib, xijolat chekkan.
Manbalarda ta’kidlanishicha Xuroson hukmdori Shohrux Mirzoning Porsoga e’tiqodi baland bo‘lgan. Xoja Porso mo‘’minlarning turli-tuman ishlari yuzasidan Shohruhga maktub yullab turganlar. Samarqand hukmdori Xalil Sultonning esa bundan g‘ashi kelib, Xoja Porsoga amr etadi: “Siz Buxoroni tark qiling va dashtga boring. Dashtdagilarni islom diniga da’vat qiling!” Bu gapni eshitib Xoja Porso zudlik bilan avval Bahouddin Naqshband so‘ng Sayid Mir Kulol ziyoratgohlariga boradilar, ularni ziyorat etib, keyin otga qamchi urib bir tepalik ustiga chiqadilar. Hazrat Xurosonga qarab dedilar:

Hamaro zeru zabar kun, na zabar mon na zer,
To bidonand, ki imro‘z dar in may don kist!
Mazmuni: Hammani zeru zabar et, na zer qolsinu na zabar (ya’ni hammani ostin – ustin qil), toki bilsunlarki, bugun bul maydonda kim turibdi.
Shu kuniyoq Shohruh Mirzo Xalil Sultonga qarshi lashkar yuboradi va jangda Xalil Sulton o‘ldirildi. Ushbu voqea Xoja Porsoning karomatlaridur.
Hazrat Navoiy yozadilarki, Hazrat Bahouddin dedilar: “Maqsud bizning zuxurimizdan aning (ya’ni Xoja Porsoning) vujudidur va anga ikkalasi tariyq bilaki, jazba va suluk bo‘lg‘ay, tarbiyat qilibmen. Agar mashg‘ulluk qilsa, olam undan munavvar bulur.”
Hazrat Xoja Porso birinchi marotaba ustodlari Hazrat Bahouddin bilan Makkai Mukarramaga haj arkonlarini bajarmoq uchun borganlar.
“Nasoimul muhabbat”da aytilishicha, hijriy 822 yilning muharram oyida Xoja Porso Buxorodan ikkinchi bor Baytulloh ziyorati uchun yo‘lga chiqadilar. Nasaf yo‘li bilan borib, Chag‘oniyon, Termiz, Balx, Hirotga yetadilar. Qay yerga borsalar, albatta u joydagi buzrugzodalar, valiylar qabrini ziyorat qilar va ul mamlakatdagi sayyidlar, shayxlar, ulamolar esa Xoja Porsoga peshvoz chiqib, ul zotdan duo olardi.
Hazrat Abdurahmon Jomiyning aytishlaricha, “Xoja Porso Jom shahridan o‘tib ketayotganlarida otam va ul kishining barcha ashoblari, shuningdek, ko‘plab muxlislar, muhiblar Xoja Porsoga peshvoz chiqdilar. Mening yoshim beshga yaqinlashayotgan edi. Otamning ishoratlari bilan meni Xoja Porsoga ro‘baro‘ qildilar. “Alar iltifot qilib, bir bosh kirmoniy nabot (navot) iligim (qo‘lim)ga berdilar. Bu kun ul tarixdan oltmish yildirki, hanuz xil’atlari (kiyimlari)ning safosi mening ko‘zimdadir va muborak diydorlarining lazzati mening ko‘nglimdadir va hamonoki ixlos va  e’tiqod va irodot va muhabbat robitasi bu faqirgaki xojalar xonadoniga voqe’dur, ul nazarning barakotidan erkin va umidim uldirki, ushbu robita yumnidin alarning muhiblari va muxlislari zumrasida mashhur bo‘lgaymen.” (“Nasoimul muhabbat”).
Ko‘rinib turibdiki, Hazrat Xoja Porsoning nazarlari va duolari sharofatidan A.Jomiy shunday ulug‘ darajaga yetdilar. Ham zamonasining eng buyuk shoiri, olimi allomasi, ham naqshbandiya tariqatining piri murshidi,valiyulloh bo‘ldilar.
Shunday naql qiladilarki, Xoja Porso Hijoz safariga ketayotganlarida dedilar: “Raftem va raftem” (Ketdik va ketdik!). Bu jumla ul zoti sharifning o‘shal joyda marhum bo‘lishlariga ishorat edi. Xoja Porso 72 yil umr ko‘rganlar. Ul zoti sharif Makkani tavof qilgandan so‘ng Madinai Munavvaraga boradilar va o‘sha yerda 1420 yidda vafot qiladilar. Qabrlari Madinai Munavvaradagi Jannatul boqe’da, Hazrat Abbos r. a. ning qabrlari yonidadir. Shayx Zayniddin Xovafiy yo‘nilgan oq marmartosh keltirib, Xoja Porso kabrlariga yodgorlik o‘rnatgan edilar. Lekin vahobiylar xurujida bu yodgorlik yo‘qotilgandir. Sharafiddin Roqimning “Tarixi tomm” kitoblarida Hazrat Xoja Porso vafotlarini bildiruvchi tarix bitilgan:

Muhammad al Hofiz Imomi Foxira,
Kon ba sam’i qavlul Haq fihi.
Solat li ta’rixi favta manhi,
Fa qoli fasli xitobi “ishorai fihi”.
Mazmuni:
Muhammad al Hofiz Foxira (Buxoro) imomi,
Ul Haq so‘zini eshitgan,
Vafot ta’rixi yilini so‘rasang,
Eshit xitob o‘rnidir “ishorai fihi”

“Ishorai fihi”dan hijriy 822 yil hosil bo‘lar ekan (Sharafiddin Roqim, “Tarixi tomm”, Toshkent, “Ma’naviyat”, 1998 yil, 30-sahifa).
Hazrat Xoja Porsoning 18 tadan ziyoda asarlari bo‘lib, eng mashhurlar quyidagilardir: “Risolai qudsiya”, “Tafsiri Qur’on”, “Risola dar odobi murid”, “Risolai kashfiya”, “Faslul xitob”, “Sharhi fiqhi Kaydoniy”, “Sharhi at Taarruf”, “Maqomoti Xoja Bahoiddin Naqshband”, “Maqomoti Aloiddin Attor”, “Haftodu du firqa”.

Naql qilurlarki, quyidagi baytlarni Xoja Porso goh-goh muridlarga o‘qirdilar:

Saburi varz, xursandi, nakubin boshu neku zi,
Ki dar in chor chiz boshad kalidi shodmoniho.

Mazmuni: Sabrli bo‘l, xursandchilik ila yasha, nekbin bo‘l, nek (yaxshi) yasha, mana shu to‘rt narsada shodlik kalitidir.

Namozro ba haqiqat qazo bud, lekin
Zamoni suhbati moro qazo naxohad shud.
Mazmuni: Namozning haqiqatdan ham ba’zan qazo bo‘lishi bor, lekin bizning suhbatimizning qazosi yo‘q.
Buxoroyi sharifda Xoja Porso guzarlari bor. U yerda ikki qavatli madrasa bo‘lib, ushbu madrasa ham Xoja Porso madrasasi deb atalgan. Xoja Porso madrasalarining qibla tomonida Xoja Porso qabrlari – qadamjolari bor. U yerda tug‘ ham ko‘tarilgandir. Ushbu ziyoratgoh sobiq Ittifoq zamonida qarovsiz, yarim vayrona edi. Madrasada odamlar istiqomat qilgan. Keyin ular mikro rayonlarga ko‘chib, madrasa ham vayronaga aylantirilgan. Ushbu ziyoratgoh obod etiladi, degan umiddamiz.
Xoja Porsoning ko‘plab muridlari bo‘lgan.

icon-car.pngKML-LogoFullscreen-LogoQR-code-logo
XOJA MUHAMMAD PORSO AL BUXORIY ziyoratgohi

loading map - please wait...

XOJA MUHAMMAD PORSO AL BUXORIY ziyoratgohi 39.774489, 64.422455 Kenglik: 39.774489 Uzunlik: 64.422455