1910-1911 yillar davomida rus zobitlari Parfenov va Feninlar tomonidan yaratilgan xaritada Qolini Oliy karvonsaroyi #405 raqam ostida belgilangan.

Biz ushbu karvonsaroyni shartli ravishda So‘zangaron guzariga bog‘ladik. So‘zangaron guzarining o‘zi eski Buxoro shahrining markaziy qismida joylashgan bo‘lib, mashhur etnograf, sharqshunos olima O.A.Suxarevaning metodologiyasiga ko‘ra Gavkushon jaribi (mavzesi)ga tegishli bo‘lgan.

XIX asrda qurilgan Qolini Oliy karvonsaroyi (Qolini Oliy – “Oliysifat gilam” ma’nosini anglatadi) me’moriy jihatdan hovlisi bor, ikki qavatli, yog‘ochdan yasalgan bino edi.

Buxoroda gilam va palos savdosi unchalik keng ko‘lamli bo‘lmasada, ammo u muntazam ravishda olib borilgan. Buxoroda doimo gilam bozorlari bo‘lgan, shuning uchun “Buxoro gilami” atamasi savdo amaliyotida qaror topgan. Savdolar Amir (Sayid Amir Olimxon) madrasasiga tutash karvonsaroyda amalga oshirilgan. Gilamlar (qolin) bu erga Turkmaniston tumanlaridan biri bo‘lgan Karki orqali olib kelingan, paloslar esa asosan Qarshidan olib kelingan, paloslar u yerda yashovchi arablar tomonidan tayyorlangan. Qolini Oliy karvonsaroyida sakkizta gilam do‘konlari bor edi. Gilam sotuvchilar o‘zlarining savdo vakillari orqali mahalliy mahsulotlarni sotib olishgan.

Buxorodagi eng yirik gilam savdogarlari Mullo Muhammadjon va Mullo Polvonqul edi. Ular uchun sotib olingan gilam va paloslar Buxoroda oyiga ikki marta tuyalarga ortilgan karvonlarda olib kelinardi. Har safar Karkidan to‘rtta tuya, Qarshidan shuncha tuya kelgan. Tovarlar oyiga 25 ming tanga atrofida olib kelingan. Ushbu gilam va paloslarni oluvchilar  – Mulla Muhammadjon va Mulla Polvonqul ularning bir qismini o‘zlarining do‘konlari orqali sotib, qolganlari boshqa gilam do‘kon egalariga qayta sotganlar.

Buxoroning o‘zida va uning tumanlarida asosan paloslarga talab katta bo‘lgan. Gilamlar asosan Rossiyaga va chet ellarga eksport qilinardi, u yerda kichik o‘lchamdagi gilamlarga talab katta edi. Ba’zida Qolini oliy karvonsaroyiga gilam va palosdan tayyorlangan xo‘rjinlar ham olib kelinar edi, ammo ular bu erda sotilmasdi. Buxoroda ular uchun maxsus savdo qatori bo‘lgan (bozori xo‘rjin). Xo‘rjinlarni karvon bilan olib kelganda, bu haqda savdogarlarga xabar berishgan va ular butun olib kelingan mahsulotni ko‘tarasiga sotib olishgan.

Maxsus bozor atrofida to‘plangan gilam savdogarlari saylangan oqsoqolga va o‘zlarining dallollariga ega edilar. Oxirgi oqsoqol Ostonaqul-oqsoqol bo‘lganlar.

Taxminlarga ko‘ra, Qolini Oliy karvonsaroyi o‘tgan asrning 30-yillarining ikkinchi yarmida buzib tashlangan. Hozirgi kunda karvonsaroyning sobiq joyida xususiy mehmonxonalar joylashgan.

Biz Qolini Oliy karvonsaroyi tushgan birinchi (chapdan o‘ngga tartibida) arxiv fotosuratining muallifini  aniqlay olmadik (fotosuratda karvonsaroy sariq rang bilan belgilangan), bu fotosuratning manbai RGAKFD (RF) arxividir. Fotosurat 1927 yilda olingan.

Ikkinchi fotosuratning muallifini ham biz aniqlay olmadik, ushbu fotosuratning manbasi “Planeta” nashriyotining fotoalbomidir. Fotosurat 1925-1935 yillarda olingan.

icon-car.pngKML-LogoFullscreen-LogoQR-code-logo
Караван-сарай Колини Олий

loading map - please wait...

Караван-сарай Колини Олий 39.775569, 64.415921 Широта: 39.775569 Долгота: 64.415921