Shayx Abu Nasr Ahmad ibn al Fazl Muso al Jandiy hazratlari Turki Jandiy nomi bilan mashhur bo‘lib, olim, orif, muhaddis, valiyullohdurlar.
“Tarixi Mullozoda”, “Tuhfat az zoirin” kitoblarida ma’lumot berilishicha, bu zoti sharif insonlar va jinlarning ustodi edi.
Abulkarim as Sam’oniyning (1113-1167) “Nasabnoma” (“Al Ansob”) kitoblarida yozilishicha, “Abu Nasr Ahmad ibn Fazl al Jandiy Buxoro imomlaridandurlar. Bu zot tafsir va hadis ilmida, ma’rifat ilmida peshqadam bo‘lganlar. Hazrat Turki Jandiy Abu Bakr ibn Abu Ishoq al Gulobodiyning suhbatdoshlari, shogirdlari edilar. (Abulkarim as Sam’oniy, “Nasabnoma”, 33-sahifa).
Jand-Sirdaryo atrofidagi turkiy qavmlar yashaydigan shahar nomi.
Hazrat Turki Jandiy mozorlari Buxoro shahridagi mashhur ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. U yerda qadimiy maqbara, toshquduq bor. Bu ziyoratgoh Buxoro shahri ichida bo‘lib, Namozgoh ko‘chasida joylashgan.
“Nazmi kitobi Mullozoda” asarida yozilgan:
Go‘sh ba man bidor yak chande,
Gar nadoni tu turbati Jandi.
Hast dar jonibi janubi Buxor
Pushtai nur baxshi fayzosor.
Andar on pushta Ahmadi Jandist…
Ashobi Bo‘ Ishoq Kalobodiyst.
Ushbu nazmiy parchadan ham ma’lum bo‘lyaptiki, Hazrat Turki Jandiy mozorlari Buxoro shahri janubida bo‘lib, bu zoti sharif Abu Ishoq Gulobodiydan saboq olgan ekanlar.
Turki Jandiy haqlarida N.Yo‘ldoshev “Buxoro avliyolari tarixi” kitobida ma’lumot bergan.
Naql qiladilarki, bir kun Turki Jandiy bir guruh shogirdlari bilan Buxoro ko‘chalaridan o‘tib ketayotganlarida bir odam ul zoti sharifga qarab deydi: “Siz afzalmi yohud it afzalmi?”. Ashoblarning jahli chiqadi. Hazrat Turki Jandiy ashoblariga qarab dedilar: “Sizlar tek turing Bu savolga jon bor. Darhaqiqat, agar biz ushbu foniy dunyodan iymon bilan o‘tsak itdan afzalmiz. Agar iymonsiz o‘tsak bizdan it afzaldir! Hazrat Ali karamallohu vajhaxu deganlarki, itda o‘n hislat borki, bu har bir taqvodor mo‘min uchun ibratdir: 1. Xaloyiq o‘rtasida itning hech bir qadri yo‘q. 2. It faqirdir, uning hech bir mol dunyosi yo‘q. 3. Butun yer uning bisoti, u to‘g‘ri kelgan joyda uxlaydi, it joy tanlamaydi. 4. Aksar paytda u och yuradi, ochlikka chidaydi. 5. Egasi uni urib haydasa-da, egasini aslo tark etmaydi. U egasiga vafodor. 6. Egasiga posbonlik etadi. Dushmanlarni aslo uyga yo‘latmaydi. 7. Kechasi bilan bedor poyloqchilik qiladi. 8. Aksar paytda u sukut etadi. 9. Egasi nima bersa o‘shani yeydi, qanoat qiladi. 10. It o‘lsa undan hech bir narsa meros qolmaydi. Ko‘rinib turibtiki, Hazrat Turki Jandiy ulug‘ avliyo, shu bilan birga o‘ta kamtarin inson bo‘lganlar. Hazrat Turki Jandiy tariqat, shariat sabog‘ini Buxoroi sharifdan olib, shu yerda turg‘un bo‘lganlar. Bu zoti sharif hijriy to‘rtinchi asrda yashab faoliyat ko‘rsatganlar.
Turki Jandiy ziyratgohi obod qilinayotir.

Izoh bildirish yopilgan.