Hazrat Said Abulhasan Poband hijriy 395 (melodiy 1004) yilda vafot qilganlar. Nasablari to‘qqiz halqa orqali Hazrat Imom Hasan raziyallohu anhuga borib taqaladi.
“Tuhfat az zoirin” kitobida quyidagi shajara berilgan: “Shayx Sayidul Imom Abulhasan Muhammad ibn Ali bin al Husayn bin al Hasan bin al Qosim bin Muhammad bin al Qosim bin al Hasan bin Zayd bin al Hasan bin Ali bin Abu Tolib r.a. ulamoi shariat, mashoyixi tariqat va haqiqatdurlar”.
Ko‘rinib turibtiki, Hazrat Said Abulhasan olim, orif, shariat ulamosi tariqatu haqiqat shayxi bo‘lgan.
Said Abulhasanning tariqatdagi pirlari Hazrat Ja’far Xildiy bo‘lib, Ja’far Xildiy esa Hazrat Junayd Bag‘dodiyning (vaf. 910) muridlaridir. Hazrat Said Abulhasan mashhur zot Abu Bakr Ishoq Gulobodiyning ustodlari hisoblanadilar.
Tarixchi olim Narzulla Yo‘ldoshev “Buxoro avliyolarining tarixi” (“Buxoro” nashriyoti – 1997 yil) kitobida quyidagi ibratli voqeani keltirgan: “Said Abulhasan rivoyat qiladilarki, bir kun pirim Shayx Ja’far meni iftor qilmoq uchun uylariga taklif qildilar. Ittifoqo, o‘sha kun uyda qovurilgan tovuq, shu bilan birga palov uchun masalliq ham tayyor edi. Men nafsim xohishiga kirib, pirga uzr aytib, uylariga bormadim. Iftor payti xizmatchi palovni tavoqqa solib olib kelayotgan payt yiqilib, oshni tuproqqa yakson qildi. Men, nima voqea ro‘y berdi, deb tashqariga chiqdim. Shu zahot daydi bir it uyga kirib, dasturxondagi qovurilgan tovuqni olib ketdi…
Bomdod nimozida Hazrat Ja’far meni ko‘rib: “Kimeki o‘z piri taklifini qabul etmasa, Alloh taolo uni it bilan hamtovoq etgay!” – dedilar, iftor paytidagi voqea ul zotga ayon bo‘lgan edi. Men zud tavba qildim, tavbamni qabul etdilar va gunohimni kechirdilar”.
Naql etilishicha, Hazrat Said Abulhasanga tuhmat qilib, ul zotni zindonband etadilar. Har namoz vaqti qo‘l-oyoqlaridagi kishan o‘z-o‘zidan ochilar ekan. Ibodatni ado qilib bo‘lganlaridan so‘ng yana oyoq-qullari kishanband bo‘larkan. Bu karomat Buxoro podshohiga ayon bo‘libdi. Shoh zudlik bilan zindonga kelib, Hazratdan uzr so‘rab, ul zotni ozod qilmoqchi bo‘libdi. Hazrat Said Pobandikusho esa: “Alloh xohishiga muvofiq qo‘l-oyog‘imga kishan solindi. Men Alloh taqdiriga tan berganman. Bu Alloh taoloning imtihoni erdi. Hozir bandalikni bajo keltirgumdir. Iltimosim va vasiyatim shuki, meni mana shu kishanlarim bilan, ya’ni kishanlangan holda dafn qilinglar. Toki qiyomat kuni men Alloh oldida faxr etay. Alloh meni taqdirdan rozi
ekanligimni ko‘rsin!” -deb jonni Haqqa taslim qilgan ekanlar.
Hazratni kishanlangan holda dafn qilgan ekanlar. “Tarixi Mullozoda” kitobida quyidagi bayt bor:
Marqadi Bo‘ al Hasan, ki Poband ast,
Tayi Darvozai Samarqand ast.
Tarjimasi: Said Abul Hasan, ki nomi Poband (ya’ni oyog‘i banddadur) Qabr joyi Darvozai Samarqand.
Said Abulhasan hazratlarini Samarqand Darvozasi yonidagi mozorga dafn qilganlar. Lekin yigirma yildan so‘ng ul kishining jasadi u mozoristondan olinib, Buxoro shahri ichidagi Said Pobandikusho guzaridagi hovli ichida qayta ko‘milgan. Bunday etilishiga sabab shuki, Hazrat muridlarining biri tushiga kirib, meni shahar ichidagi hovliga etib ko‘ming, degan ekanlar. Qarangki, bu ham bir karomat hisoblanadi. Chunki Samarqand Darvozasi yonidagi mozoriston sobiq Ittifoq zamonida yer bilan yakson qilindi, yo‘qotildi. Hovli ichida bo‘lgani bois Hazrat Said Poband qabrlari
talafotdan shikast ko‘rmadi.
Hazrat Said Pobandning qabrlari Buxoro shahri Xorazm ko‘chasidagi hovli ichida joylashgan. Mozorlari yonida masjid ham bor. Bu masjid Hazrat Said Poband nomlaridadir. Payg‘ambarimizga ilk bor vahiy kelgan Hiro tog‘idagi tabarruk tosh Hazrat Said Poband qabrlari tepasiga qo‘yilgan.
Hazrat Said Abulhasan Poband karomatlari shuki, Hazrat qabrlarini ziyorat qilib, ne mushkul ish, ne muammongiz bo‘lsa, Alloh taolodan so‘rasangiz, Alloh duongizni ijobat qiladi. Bu yer duo ijobat bo‘ladigan joydir.
Sobiq Ittifoq davrida Said Poband ziyoratgohlari qarovsiz, masjidlari vayronaga aylantirilgandi. Istiqlol sharofatidan mazkur guzarning fuqarosi Ibrohim Qosimovning say’-harakati, tashabbusi bilan ushbu ziyoratgoh va masjid ta’mirlandi. Ayni shu kunlarda ziyoratgoh obod, masjidda esa besh vaqt namoz ado qilinayotir.
Hazrat Said Pobandikusho ziyoratgohiga Xoja Nurobod shoh ko‘chasi orqali borsa bo‘ladi.

Izoh bildirish yopilgan.