Hazrat Xoja Bulg‘oriyning ismlari Hasandir. “Rashahotda” yozilishicha, qutbul vosilin, shayxi majzubi mahbub Hasan Bulg‘oriyning muridlari Hazrat Shayx Umar Bog‘istoniy bo‘lganlar. Ma’lumki, Shayx Umar Bog‘istoniy Hazrat Xoja Ahror Valiyning ona tomonidan katta bobolari hisoblanadi.
Hazrat Xoja Bulg‘oriy Hazrat Shayx Shamsiddin Muhammad Roziydan, bu zot shayx Husayn Saqoniydan, bu zot Shayx Ahmad G‘azzoliydan, bu zot Abu Bakr Nassojiydan, bu zot Shayx Abdulqosim Gurgoniydan, bu zot Abu Ali Kotibdan, bu zot Abu Ali Rudboriydan, bu zot Shayx Jo‘nayd Bag‘dodiydan, bu zot Shayx Sirri Saqatiydan, bu zot Ma’rufi Karxiydan, bu zot Dovud Toyidan, bu zot Habib Ajamiydan, bu zot Hasan Basriydan, bu zot Hazrat Ali r.a.dan, bu zoti sharif esa Hazrat payg‘ambar Muhammad s.a.v.dan saboq olganlar. (“Rashahot”, 280-281-sahifalar)
Hazrat Xoja Bulg‘oriy Hazrat Shayxul Olam Shayx Sayfiddin Boxarziy, Hazrat Xoja G‘arib kabi buyuk zotlar bilan hamsuxbat bo‘lgan ekanlar.
“Shayx Hasan Bulg‘oriy maqomat”larida yozilishicha, Hazrat Bulg‘oriy yigirma sakkizta avliyoga xizmat etib, ularning suhbatiga musharraf bo‘lgan ekanlar. (“Rashahot”, 46-sahifa)
Hazrat Tojiddin Sattojiy deydilarki, Shayx Hasan Bulg‘oriy menga aytgandilar: “Men o‘z hayotim davomida juda ko‘p avliyolar bilan hamsuhbat bo‘ldim, lekin Xoja G‘aribday ulug‘ martaba, ulug‘ maqomli avliyoni ko‘rmadim”.
Shayx Hasan Bulg‘oriyning asl Vatanlari Ozarbayjonning Naxjivon degan joyidadir. Bu zoti sharif yigirma uch yashar bo‘lganlarida Dashti Qipchoqdagi kofirlar qo‘liga asir tushadilar. Yetti yil ularning orasida bo‘ladilar. O‘ttiz yoshlarida kuchli jazbaga (ya’ni Alloh taolo ishqiga devona) mubtalo bo‘lib, avliyolar suhbatiga yetishadilar. To‘qqiz yil Bulg‘oriyada, yetti yil Kirmonda, bir yil Marog‘ai Tabrizda, uch yil Buxoroyi sharifda bo‘ladilar. Shayx Umar Bog‘istoniy Xoja Bulg‘oriydan Buxoroda ta’lim olgan ekanlar.
Hazrat Shayx Bulg‘oriy degan ekanlarki, man o‘ttiz yoshimda ilohiy jazbaga musharraf bo‘ldim. Zamonaniig qutbi bo‘ldim, zero Hazrati Muhammad Mustafo s.a.v. ning qalblarida man voqe’ bo‘ldim va manga bu amrda hech shak yo‘qdur. Va andog‘ki, ul Hazrat umrlarining yillari oltmish uch erdi va maning umrim ibtidoyi jazbadin (ya’ni jazbaning boshlanishidan) to hayotimning oxirigacha oltmish uch erdi, tamom bo‘ldi (“Rashahot”, 281-sahifa).
Ko‘rinib turibdiki, Xoja Bulg‘oriy 93 yil umr ko‘rgan ekanlar, lekin shundan uttiz yilini behudaga o‘tganligi uchun umrlari xisobiga kiritmay, faqat 63 yilini umrlari hisobiga kiritgan ekanlar.
Hazrat Xoja Hasan Bulg‘oriy 1298 yil vafot qiladilar. Muborak qabrlari Tabrizning Surxon degan qishlog‘idadir.
Buxoro shahrida Xoja Bulg‘or nomli ko‘cha, masjid va mozor bor. Ushbu mozoriston Sobiq Ittifoq zamonida buzilgan edi. Tepalik o‘rnida ayni shu kunlarda gulzor qilingan. Yaqinda bir savobtalab kishi Xoja Bulg‘or guzari kun chiqarida Hazrat Xoja Bulg‘or qadamjolari sifatida bir sag‘ana bunyod qildi.
Shayx Umar Bog‘istoniy Hazrat Bulg‘oriydan ta’lim olib valiyulloh bo‘ldilar. U kishining o‘g‘illari Shayx Xovand Tahurga aytgan quyidagi hikmatlari ibratlidir: “E Tahur, mullo bo‘lma, shayx bo‘lma, so‘fiy bo‘lma, ul bo‘lma, bul bo‘lma, musulmon bo‘l!” (“Rashahot”, 282-sahifa).

icon-car.pngKML-LogoFullscreen-LogoQR-code-logo
HAZRAT XOJA BULG‘ORIY ziyoratgohi

loading map - please wait...

HAZRAT XOJA BULG‘ORIY ziyoratgohi 39.771661, 64.423383 Kenglik: 39.771661 Uzunlik: 64.423383