Buxoroda Ayub a.s. nomlari bilan bog‘liq tarixiy obidalar bor. Ularni Chashmai Ayub deb ataydilar. Buxoro shahrida joylashgan Chashmai Ayub obidasi ichiga kirganingizda ko‘zingiz qabrga va chashmaga tushadi. Chashma (quduq) qadimiy bo‘lib, uning tarixi Ayub a.s.ga borib taqaladi.
“Tuhfat az-zoirin” kitobida quyidagi ma’lumot berilgan: “Imom, muhaddis Abu Abdulloh Muhammad Sulaymon bin Komil al- Buxoriy al-Varroqning (vaf. 1122 yil) “Buxoro tarixi” degan kitoblarida yozilishicha, Hazrat Ayub a.s.ning munavvar qabrlari Buxoroyi sharifdadir, u tabarruk joyning belgisi shuki, unda bir daraxt bor, qishin-yozin ko‘m-ko‘k, barglari jiyda bargiga o‘xshash. Daraxt tagida behisht chashmasidan bir chashma oqadi”.
“Tarixi Mullozoda” kitobida ta’kidlanishicha, Ayub a.s. Buxoroga keladilar. Payg‘ambarni Buxoroyi sharif aholisi xursandchilik bilan kutib oladi, ul zoti sharifga izzat-ikrom ko‘rsatadi. Bundan Ayub a.s.. xursand bo‘ladilar va Buxoro aholisi haqiga duoyi xayr qiladilar. Ul zoti sharif Alloh taolodan buxoroliklar uchun uch narsani so‘rab duo qilgan ekanlar: “Allohim, Buxoro ahliga hamisha xursandchilik ato et, Buxoro yeriga baraka ber, ular farovon yashasin!”. Ayub alayhissalomning ushbu duolari ijobat bo‘lgan ekan.
“Tuhfat az-zoirin”da ta’kidlanishicha, Ayub alayhissalomning munavvar qabrlari Buxoroda emas. Chashmai Ayub, bu – Ayub a.s.ning qadamjolaridir. Shayxi komil Muhyiddin Navoviyning aytishicha, Hazrag Ayub a.s.ning qabrlari Xavron degan joydadir.
Chashmai Ayub ziyoratgohi Buxoro shahridagi Somoniylar bog‘ida joylashgan. Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi Xayrobodcha qishlogida ham Chashmai Ayub ziyoratgohi bor. U yerda quduq, obida mavjud.
XII asrda Qoraxoniylar hukmdori farmoniga muvofiq Buxoro shahridagi Hazrat Ayub chashmalari ustida gumbaz qurilgan. Ikkinchi gumbaz esa Sohibqiron Amir Temur buyruqlariga muvofiq 1379 yil bino etilgandir. Uchinchi gumbazni shayboniylar zamonasida qurganlar.
Chashmai Ayubning suvi shifobaxsh hisoblanadi. U chashma suvidan ixlos bilan ichgan kishiga Alloh taolo sabr ato etadi.
“Tuhfat az-zoirin” kitobida keltirilishicha, Chashmai Ayub ziyoratgohi atrofida juda ko‘p buyuk zotlar dafn qilingan ekan. Jumladan, Xoja Ka’bon Obid (bu zoti sharif Abu Hafs Kabir (767- 832) bilan saboqdosh bo‘lganlar, keyinchalik kofirlar u kishini shahid etadi), Mavlono Shamsiddin Mahbubiy, Ubaydulloh Sadr ash sharia al-Asg‘ar ibn Mas’ud va boshqa zotlar bu yerga ko‘milgandir. Lekin sobiq Ittifoq zamonida bu buyuk zotlarning qabri vayron etildi. Hozir ulardan nomu nishon yo‘q.
Ayni shu kunlarda Somoniylar bog‘ida joylashgan Chashmai Ayub ziyoratgohi oboddir.

Izoh bildirish yopilgan.